Iqtisodiyot | 19:58
841
3 daqiqa o‘qiladi

10 ta tijorat banki va 1 ta mikromoliya tashkilotiga jarima qo‘llandi

Markaziy bankning bir qator talablari hamda jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish qoidalariga rioya etmagani uchun 10 ta bank va 1 ta mikromoliya tashkilotiga nisbatan jarima sanksiyasi qo‘llandi.

Foto: Kun.uz

Markaziy bankning Bank nazorati qo‘mitasi tomonidan 2025 yilning dekabr oyidagi yig‘ilishlar davomida 45 ta masala ko‘rib chiqildi va ular bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi, deya xabar berdi regulyator axborot xizmati.

Ro‘yxatga olish va ruxsat berish yo‘nalishida jami 30 ta masala ko‘rib chiqilgan. Jumladan, kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan o‘zgartirishlarni ro‘yxatdan o‘tkazish (5 ta), yangi ochilayotgan mikromoliya va kredit tashkilotlarini hisob ro‘yxatidan o‘tkazish (4 ta), kredit tashkilotlarining ustav fondidagi ulushiga egalik qilish uchun ruxsat berish (4 ta), “tartibga solish qumdoni” asosida faoliyat yuritish (1ta), banklarning auditorlik tekshiruvlarini o‘tkazish huquqi uchun auditorlik malaka sertifikatini berish (4 ta) shuningdek, tijorat banklari kuzatuv kengashi va boshqaruvi a’zolari hamda muhim ahamiyatga ega xodimlarining nomzodlarini ko‘rib chiqish (12 ta) bilan bog‘liq masalalar muhokama qilingan.

Shu bilan birga, kredit tashkilotlarining moliyaviy holatiga oid 15 ta masala, xususan, Markaziy bankning ko‘rsatmalari va prudensial me’yorlari talablari bajarilishi, tijorat banklari, kredit va mikromoliya tashkilotlarida o‘tkazilgan inspeksiya natijalari, bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish, shuningdek jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish hamda bank va to‘lov tashkilotlarida kiberxavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan masalalar ko‘rib chiqilgan.

Prudensial normativ talablariga rioya etilmagani, faoliyatini qonunchilik talablariga muvofiqlashtirmagani hamda inspeksiya tekshiruvlari davomida aniqlangan kamchiliklar uchun 10 ta bank, 1 ta to‘lov tashkiloti va 1 ta to‘lov operatoriga nisbatan ta’sir choralari va sanksiyalar qo‘llanishi to‘g‘risida ogohlantirish berilgan.

Shuningdek, Markaziy bank talablari, o‘tkazilgan inspeksiya tekshiruvlari hamda jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish qoidalariga rioya etmagani uchun 10 ta bank va 1 ta mikromoliya tashkilotiga nisbatan jarima sanksiyasi qo‘llangan.

Mavzuga oid