O‘zbekiston | 21:40 / 18.07.2024
10297
2 daqiqa o‘qiladi

«Lukoil» kompaniyasi asossiz olgan mablag‘ini qaytarishi zarur - Raqobat qo‘mitasi

Rossiyaning neft va gaz kompaniyasi O‘zbekistonning «Raqobat to‘g‘risida»gi qonunini buzgan deb topildi.

Foto: Kun.uz

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan Rossiyaning «Lukoil Overseas Supply and Trading Ltd» kompaniyasiga nisbatan narx manipulyatsiyasi alomatlari bilan qo‘zg‘atilgan ish natijalari e’lon qilindi.

Qo‘mitaning maxsus komissiyasi xulosasiga ko‘ra, «Lukoil Overseas Supply and Trading Ltd» kompaniyasi «Raqobat to‘g‘risida»gi qonuni hamda «Birja savdolarida yuqori likvidli va (yoki) monopol turdagi mahsulotlarni sotish tartibi to‘g‘risida»gi nizom talablarini buzgan.

Raqobat qo‘mitasi tomonidan kompaniya asossiz olingan mablag‘larni qaytarishi kerakligi to‘g‘risida qaror qabul qilindi va qonunbuzilishlarni bartaraf etish va keyinchalik yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan bajarilishi majburiy ko‘rsatma berildi.

Qayd qilinishicha, ushbu qarordan norozi bo‘lgan tomon qo‘mitaning apellyatsiya kengashiga yoki sudga murojaat qilish huquqiga ega.

Avvalroq, Raqobat qo‘mitasi tomonidan «Lukoil Overseas Supply and Trading Ltd» kompaniyasining birja savdolari orqali texnik oltingugurt mahsulotini realizatsiya qilishda, shu jumladan birja savdolarida mahsulot hajmlarini nomuvofiq qo‘yish kabi manipulyatsiya holatlari orqali mahsulot narxini sun’iy oshishiga olib kelgan harakatlarining alomatlari aniqlangan edi. Oqibatda birja savdolarida texnik oltingugurt mahsuloti narxlari o‘rtacha 10 foizdan 50 foizgacha oshishiga sabab bo‘lgani qayd etildi.

Mavzuga oid