Jahon | 08:05 / 27.07.2024
1702
2 daqiqa o‘qiladi

Belgiyada uch chechenistonlik terakt rejalashtirishda ayblandi

Belgiya prokuraturasi taxminiga ko‘ra, gumonlanuvchilar IShIDning «Viloyati Xuroson» afg‘on bo‘linmasi a’zolaridir.

Foto: picture-alliance/CITYPRESS 24/Cegarra

Belgiya hukumati Chechenistonda tug‘ilgan uch fuqaroni qirollik hududida teraktni moliyalash va tayyorlashda aybladi. Belgiya prokuraturasi 26 iyul, juma kuni gumonlanuvchilar IShID terrorchilik guruhining afg‘on bo‘linmasi bo‘lmish «Viloyati Xuroson»ga aloqador ekanliklarini ma’lum qildi.

Belgiyaning to‘qqizta shahri, jumladan Antverpen, Gent va Lejda bir vaqtning o‘zida 14 manzilda o‘tkazilgan keng ko‘lamli aksilterror operatsiyasi davomida chechenistonliklar qo‘lga olindi. Prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, tintuvlar davomida yetti kishi hibsga olingan, ulardan to‘rt nafari so‘roqdan keyin qo‘yib yuborilgan. Hujumning potensial nishoni haqida tafsilotlar oshkor etilmagan.

Avvalroq Germaniya Federal prokuraturasi IShIDni qo‘llab-quvvatlaganlikda gumon qilinib, ikki nafar Rossiya fuqarosi qo‘lga olingani haqida xabar bergan edi. Huquq-tartibot idoralari xodimlarining so‘zlariga ko‘ra, bu shaxslar Germaniya va Yevropa boshqa davlatlarida terrorchilik guruhiga mablag‘ to‘plagan tashkilot a’zolari bo‘lgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid