Jahon | 14:14 / 02.08.2024
3962
3 daqiqa o‘qiladi

RFning Perm viloyatida yo‘lovchi poyezdi yuk mashinasi bilan to‘qnashdi

Yuk mashinasi haydovchisi tan jarohati oldi, poyezd vagonlari relsdan chiqib ketmagan.

Foto: AP

Perm o‘lkasining Gornozavodskaya shahar okrugida «Urengoy – Moskva» yo‘nalishida harakatlangan yo‘lovchi poyezdi yuk mashinasi bilan to‘qnashib ketdi. Bu haqda 2 avgust, juma kuni viloyat gubernatori Dmitriy Maxonin ma’lum qildi.

«Gornozavodskaya okrugida 11-sonli «Urengoy – Moskva» poyezdining yuk mashinasi bilan to‘qnashuvi haqida. Poyezd yo‘lovchilari orasida jabrlanganlar yo‘q. Poyezd Yevropeyskaya stansiyasiga olib borib qo‘yildi. Biz barcha zarur yordamni tashkil qilamiz», — deb yozdi viloyat rahbari Telegram-kanalida.

Gubernator o‘lka Sog‘liqni saqlash vazirligiga vaziyatni nazoratda ushlab turish, jabrlangan yuk mashinasi haydovchisiga tezkor yordam ko‘rsatish va shifoxonaga yetkazilishini ta’minlash bo‘yicha topshiriq berdi. 

Voqea sabablarini aniqlashtirish uchun Sverdlovsk temiryo‘li («SvJD») boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari boshchiligida tezkor shtab tuzildi. 

O‘z navbatida, «SvJD» Telegram-kanali hodisa mahalliy vaqt bilan soat 7:35 da (Toshkent vaqti bilan 6:35) Yevropeyskaya – Ust-Tiskos uchastkasida sodir bo‘lganini xabar qildi. 

«Yuk mashinasi haydovchisi yaqinlashib kelayotgan 11-sonli Noviy Urengoy – Moskva poyezdi oldida chorrahadan tashqaridagi temiryo‘l relslariga chiqib ketdi. Poyezd mashinisti favqulodda tormozni qo‘llagan, biroq masofa yetarli emas edi, to‘qnashuv oldini olishning iloji bo‘lmagan», — deyiladi xabarda.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, YTH oqibatida avtomashina haydovchisi jabrlangan. Yo‘lovchilar va poyezdning lokomotiv ekipaji tibbiy yordam so‘rab murojaat qilmagan. Harakat tarkibining relsdan chiqib ketishi kuzatilmadi.

«Lokomotiv tashqi elementlari va avtomobil (elektrovoz ostida qolgan) shikastlangan. Voqea joyiga Chusovskaya stansiyasidan qutqaruv poyezdi jo‘natildi», — deyiladi matbuot xizmati xabarida. Mazkur uchastkada poyezdlar harakati vaqtinchalik to‘xtatilgan.

Mavzuga oid