Jahon | 08:26 / 03.08.2024
3395
4 daqiqa o‘qiladi

Berlinda chechenistonlikni o‘ldirgan Krasikov prezident tansoqchilari xizmatdoshi bo‘lgan

Rossiya va G‘arb o‘rtasidagi mahbuslar almashinuvi doirasida ozod etilgan Vadim Krasikov «FSB»ning «Alfa» maxsus bo‘linmasida xizmat qilgan, dedi Rossiya prezidenti matbuot kotibi.

Foto: RIA Novosti

Germaniyada chechenistonlikni o‘ldirganlikda ayblanib, umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan hamda Rossiya va G‘arb davlatlari o‘rtasidagi keng ko‘lamli mahbuslar almashinuvi doirasida ozod etilgan Vadim Krasikov Rossiya prezidenti Vladimir Putin qo‘riqchilarining hamkasbi edi. Bu haqda 2 avgust, juma kuni Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qildi.

«Krasikov - Federal xavfsizlik xizmati xodimi ‹…› U «Alfa»da («FSB» maxsus maqsadli markazi maxsus bo‘linmasi) xizmat qilganida, prezident qo‘riqchilarining bir necha a’zolari bilan birga xizmat qilgan. Tabiiyki, ular kecha bir-birini yaxshi kutib olishdi», - deya tushuntirdi Peskov. 

NYT: Putin uchun Krasikov - «sodiq askar ramzi» 

Putinning o‘zi Krasikovni do‘sti deb biladi, deb yozadi The New York Times (NYT) AQSh Davlat departamentining Global hamkorlik markazi maxsus vakili va koordinatori Jyeyms Rubinga tayanib. Rossiya Federatsiyasi prezidenti rossiyalikda «Rossiya davlati oldidagi burchini bajarayotgan sodiq askar ramzi» va «davlat ahamiyatiga molik missiyani bajaruvchi» shaxsni ko‘rdi, dedi Kremlga yaqin bo‘lgan va mahbuslarni almashish bo‘yicha ba’zi muzokaralarda ishtirok etgan NYT suhbatdoshi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Vadim Krasikovning ozod etilishi «barcha yigitlar uchun Rossiya hech kimni tashlab ketmasligi» haqida signal bo‘ldi. 

Shu bilan birga, The Washington Post’ning Rossiya Federatsiyasidan bo‘lgan suhbatdoshi «Putin faqat Krasikovga alohida ahamiyat qaratganini» ta’kidladi. «Kreml Krasikov uchun ko‘p narsa berishga tayyor edi, lekin u bunday taassurot qoldirishni istamadi», deb yozadi WP. 

Rossiya va G‘arb o‘rtasida mahbuslar almashinuvi

1 avgust kuni Turkiya poytaxtida Rossiya va G‘arb davlatlari o‘rtasida keng ko‘lamli mahbuslar almashinuvi bo‘lib o‘tdi. Rossiya Federatsiyasi 16 kishini topshirdi. 10 kishi Anqaradan Moskvaga qaytib keldi - bular Krasikovdan tashqari Rossiya maxsus xizmatlarining boshqa xodimlari, ularning ikki farzandi, shuningdek, kiberfiribgarlar. 

Germaniya kansleri va tashqi ishlar vaziri Krasikov topshirilishi haqida

Germaniya kansleri Olaf Shols Rossiya bilan almashishni «to‘g‘ri qaror» deb atadi. Tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok Germaniyaning «hukumat hech bir a’zosi uchun» topshirish qarori oson bo‘lmaganini tan oldi. Shu bilan birga, Krasikov tomonidan o‘ldirilgan chechenistonlik sobiq dala qo‘mondoni Zelimxan Xanqoshvilining bevasi Manana Tsatiyeva «FSB» xodimining Rossiya tomoniga topshirilishini qoraladi. 

Frankfurter Allgemeine Zeitung gazetasining yozishicha, Germaniya adliya vaziri Marko Bushman buni talab qilgan va bosh prokuror Yyens Rommelga buyruq bergan. Federal prokuratura bunga qarshi chiqdi va afvni Germaniya prezidenti tasdiqlashi kerakligini ta’kidladi. Natijada, prokurorlar buyruqqa bo‘ysunishdi.

Germaniya poytaxtida chechenistonlikning o‘ldirilishi 

Rossiya tomonidan terrorizmda ayblanib qidiruvga berilgan Zelimxon Xanqoshvili 2019 yilning 23 avgust kuni Berlindagi Kichik Tirgarten bog‘ida otib o‘ldirilgan. Vadim Krasikov Vadim Sokolov nomiga yozilgan hujjatlar bilan shu kuni Germaniya poytaxtida qo‘lga olingan. 

Sud jarayoni 2020 yil oktyabr oyida boshlangan va bir yildan ortiq davom etgan. 2021 yil dekabr oyida Krasikov umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi. Berlin Oliy yer sudi prokurorning Krasikov ushbu qotillikni Rossiya rasmiylari ko‘rsatmasi bilan sodir etganligi haqidagi da’vosini isbotlangan deb hisobladi. 

Mavzuga oid