Jahon | 15:27 / 03.08.2024
3671
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya hududlariga o‘nlab uchuvchisiz uchoqlar hujum qildi

Rostov viloyatida omborlar yonmoqda, dedi gubernator Golubev. Belgorod viloyati hukumati neft omborida yong‘in chiqqani haqida xabar berdi. Oryol viloyatida dronlar turar joy binosiga urilgan.

Foto: Efrem Lukatsky/AP/dpa/picture alliance

Rostov viloyatiga uchuvchisiz uchish apparatlari hujum qildi. Kamenskiy va Morozovsk tumanlaridagi omborlarga zarar yetdi, dedi viloyat gubernatori Vasiliy Golubev. Muassasalarda yong‘in sodir bo‘lgan va favqulodda xizmatlar unga qarshi kurashmoqda, deya qo‘shimcha qildi rasmiy

Morozovsk tumanida bir nechta ijtimoiy obektlar, jumladan, maktablar va bolalar bog‘chalari, shuningdek, turar joy va ishlab chiqarish binolarida oynalar singan, deya tushuntirdi Golubev. U qurbonlar va jabrlanganlar yo‘qligiga ishontirib, havo hujumida Ukrainani aybladi.

Astra: Aerodrom va Rosrezerv korxonasida yong‘in 

Morozovsk yaqinidagi harbiy aerodrom havo hujumi obekti bo‘ldi, deb yozadi Astra va Mash Telegram-kanallari mahalliy aholiga tayanib. E’lon qilingan videolarda binolar yonayotganini ko‘rish mumkin. Guvohlarning taxminiga ko‘ra, o‘q-dorilar omborlari yoki yonilg‘i baklari yonib ketgan. 

Kamenskiy tumanida Davlat zaxiralari federal agentligi (Rosrezerv)ning «Atlas» zavodi hududida yong‘in sodir bo‘ldi, deya xabar beradi Astra suhbatdoshlari. Ushbu korxona neft mahsulotlarini saqlashga ixtisoslashgan, 2020 yil avgust oyida zavodda Rossiya Mudofaa vazirligi va Rosrezerv o‘rtasida qo‘shma mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tgandi, deya aniqlik kiritadi «Zemlya» gazetasi. 

Rossiyaning boshqa hududlariga havo hujumlari

Oryol viloyatida ikkita dron Bolxovskiy mikrorayonidagi turar joy binosiga urilgan, bir kishi jarohatlangan, dedi viloyat gubernatori Andrey Klichkov. Unga ko‘ra, yana 17 ta dron urib tushirilgan.

Belgorod viloyatida Gubkinskiy shahar okrugidagi neft bazasida uchuvchisiz uchoq hujumi paytida yong‘in sodir bo‘ldi, dedi viloyat gubernatori Vyacheslav Gladkov. Keyinroq Belgorod viloyatidagi ikkita aholi punkti hujumga uchragan: bir kishi jarohatlangan, uchta mashina shikastlangan, dedi rasmiy.

Ryazan viloyati osmonida ikkita dron urib tushirildi, dedi gubernator Pavel Malkov. Hech kim jabrlanmagan, dedi u. Voronej viloyatida bitta dron urib tushirilgan, qurbonlar yo‘q, dedi gubernator Aleksandr Gusev.

Mudofaa vazirligi munosabati

3 avgust kuni Moskva vaqti bilan soat 12:00 ga kelib Rossiya Mudofaa vazirligi 77 ta samolyot tipidagi uchuvchisiz uchish apparati yo‘q qilingani haqida xabar berdi. Departament ma’lumotlariga ko‘ra, Rostov viloyatida 36 ta, Kursk viloyatida 8 ta, Belgorod viloyatida 11, Oryol viloyatida 17 ta, Ryazan viloyatida ikkita va Voronej viloyati, Azov dengiz hamda Krasnodar o‘lkasida bittadan uchuvchisiz uchuvchisiz uchish apparati urib tushirilgan. 

Kursk viloyati rasmiylari urib tushirilgan oltita uchuvchisiz uchoq haqida xabar berdi, ammo hujum oqibatlari haqida hech narsa aytilmagan. Krasnodar o‘lkasi rahbariyati havo hujumi haqida izoh bermadi.

Mavzuga oid