Jahon | 15:10 / 03.08.2024
2362
5 daqiqa o‘qiladi

S&P Ukraina reytingini «tanlangan defolt» darajasiga tushirdi

Standard & Poor's xalqaro reyting agentligi Ukrainaning uzoq muddatli kredit reytingini SD (tanlangan defolt)ga tushirdi. Buning sababi shu hafta o‘tkazib yuborilgan obligatsiyalar bo‘yicha to‘lov bo‘ldi.

Foto: AP

Standard & Poor's (S&P) xalqaro reyting agentligi 2 avgust, juma kuni Ukrainaning kredit reytingini «tanlangan defolt» SD – defoltdan oldingi darajaga tushirdi. Bunga sabab mamlakat joriy haftada xalqaro obligatsiyalar to‘lovini o‘tkazib yuborgani bo‘ldi, deya xabar beradi agentlik o‘z saytida. S&P ma’lumotlariga ko‘ra, 34 million dollarlik to‘lov hali ham imtiyozli davrda, ammo yaqin orada to‘lanishi dargumon.

«Ukraina o‘zining ba’zi yevrobondlari restrukturizatsiyasini ayirboshlash taklifi orqali boshlash niyatida ekanini tushunamiz. Shuningdek, hukumat ta’sir ko‘rsatgan obligatsiyalar bo‘yicha to‘lovlarni restrukturizatsiya boshlangunga qadar to‘xtatib turishga qaror qilganini ham bilamiz. Shu munosabat bilan hukumat 2024 yil 1 avgustda 2026 yilgi yevrobond bo‘yicha kupon daromadini to‘lamadi, biz to‘lov shartnomada ko‘rsatilgan 10 ish kunlik imtiyozli davrda amalga oshirilishini kutmayapmiz», deyiladi Standard & Poor's xabarida.

Shu munosabat bilan Ukrainaning uzoq muddatli va qisqa muddatli xorijiy valutadagi (FC) reytinglari CC/C'dan SD/SD (tanlangan defolt) ga, 2026 yilgi yevrobondlar emissiyasi reytinglari esa CC'dan D (defolt) darajasiga tushirildi. «Shuningdek, biz Ukrainaning chet el valutasidagi qolgan yuqori ta’minlanmagan qarz majburiyatlari bo‘yicha CC reytingimizni tasdiqladik», — deya aniqlik kiritdi agentlik.

Ukraina 1 avgustdan tashqi qarzlar bo‘yicha to‘lovlarni vaqtincha to‘xtatdi

Ukraina 1 avgust, payshanbadan tashqi qarzlar bo‘yicha to‘lovlarni vaqtincha to‘xtatdi, deb xabar bermoqda Reuters. Mamlakat prezidenti Volodimir Zelenskiy bunday to‘lovlarni 2024 yil 1 oktyabrgacha to‘xtatib turish imkonini beruvchi tegishli qonunni imzolagan edi. Qarzlar bo‘yicha birinchi to‘lov ham 1 avgustda to‘lanishi kerak edi.

Oliy rada budjet qo‘mitasi rahbari Roksolana Pidlasning so‘zlariga ko‘ra, prezident tomonidan imzolangan qonun loyihasi «restrukturizatsiyaning muhim elementi bo‘lib, 2027 yil oxirigacha suveren yevrobondlarga xizmat ko‘rsatish va to‘lash uchun to‘lovlardan 10 milliard dollardan ortiq mablag‘ni tejash imkonini beradi». Shu bilan birga, uning ta’kidlashicha, Xalqaro valuta jamg‘armasi (XVJ) «muntazam ravishda ushbu qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlagan». 

22 iyul, dushanba kuni Ukraina bosh vaziri Denis Shmixal mamlakat Ukrainaning yevroobligatsiyalar egalari qo‘mitasi bilan tashqi qarz bir qismini restrukturizatsiya qilish bo‘yicha «prinsipial kelishuvlarga» erishganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu qadam mamlakatga uni saqlash uchun uch yil davomida 11,4 milliard AQSh dollarini, 2033 yilgacha esa 22,75 milliard dollarni tejash imkonini beradi. Bo‘shatilgan resurslar, xususan, mudofaa, ijtimoiy himoya va Ukrainani qayta tiklashga yo‘naltiriladi, dedi Shmixal. 

Qarzning umumiy miqdori qanday?

Rossiyaning keng miqyosli hujumi boshlanganidan beri Ukraina davlat qarzi keskin oshdi. Agar 2022 yil boshiga kelib u 98 milliard dollarga (91,5 milliard yevro) baholangan bo‘lsa, 2023 yil oxirida deyarli 141 milliard dollargacha o‘sdi. XVJ hisob-kitoblariga ko‘ra, joriy yil oxiriga borib Ukraina davlat qarzi mamlakat yalpi ichki mahsulotining 100 foizidan oshishi mumkin, deb yozadi RBK. 

25 iyul kuni Fitch reyting agentligi Ukrainaning kredit reytingini SS'dan S'ga tushirdi, bunda defolt jarayoni allaqachon boshlangan yoki yaqinlashib qolgan deb hisoblanadi. Mamlakatning kredit reytingini pasaytirishga yaqinda kreditorlar guruhi bilan 20 milliard dollarga yaqin xalqaro obligatsiyalar qarzini restrukturizatsiya qilish bo‘yicha tuzilgan bitim sabab bo‘ldi. Fitch uni «defotlga o‘xshash jarayon» deb atadi.

Mavzuga oid