Jahon | 07:56 / 06.08.2024
3850
5 daqiqa o‘qiladi

G7 tashqi ishlar vazirlari Yaqin Sharqdagi vaziyatni yumshatishni talab qildi

G7 vazirlari keskinlikni pasaytirishni talab qilmoqda, TsAHAL esa G‘azo sektori iqtisodiyot vazirining o‘rinbosari yo‘q qilingani haqida xabar berdi.

Foto: AP / Abed Khaled

«Yettilik guruhi» (G7) tashqi ishlar vazirlari va Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel «mintaqadagi kengroq mojaro avj olishiga tahdid solayotgan» Yaqin Sharqdagi keskinlik kuchayib borayotganidan chuqur xavotir bildirdi. Tegishli pozitsiya 4 avgust kuni tashqi ishlar idoralari rahbarlarining qo‘shma bayonotida ma’lum qilindi. 

Vazirlar barcha ishtirokchi tomonlarni zo‘ravonlikning buzg‘unchi siklini davom ettirishdan tiyilishga, «keskinlikni kamaytirishga va uni pasaytirish uchun konstruktiv ishtirok etishga» chaqirdi. 

«Hech bir mamlakat yoki xalq Yaqin Sharqdagi vaziyatning yanada kuchayishidan foyda ko‘rmaydi», deb ta’kidladi G7. 

TsAHAL G‘azo sektori iqtisodiyot vaziri o‘rinbosari yo‘q qilingani haqida xabar berdi

Ayni paytda, Isroil mudofaa kuchlari (TsAHAL) 4 avgust kuni G‘azo sektori milliy iqtisodiyot vaziri o‘rinbosari, Isroil tomoniga ko‘ra, Falastin HAMAS harakati harbiy qanotiga a’zo Abdulfattoh az-Zariyani yo‘q qilgani haqida xabar berdi.

Isroil harbiylariga ko‘ra, al-Zariya HAMASning G‘azo sektoriga oqib kelayotgan gumanitar yordamlar bo‘yicha nazoratini qo‘lga kiritish borasidagi sa’y-harakatlariga rahbarlik qilishda va harakat nazorati ostidagi bozorlarda faoliyatni muvofiqlashtirishda muhim rol o‘ynagan. U, shuningdek, yonilg‘i va mablag‘larni taqsimlash uchun mas’ul bo‘lgan, deydi TsAHAL. 

Ayni paytda, AFP xabar berishicha, Eron va uning ittifoqchilari tomonidan Isroilga hujum qilinishi mumkinligi haqidagi xavotirlar fonida Yaqin Sharqdagi vaziyatni hal etish uchun faol diplomatik harakatlar olib borilmoqda.

Hujum 48 soat ichida sodir bo‘lishi mumkin 

AQSh davlat kotibi Entoni Blinken G7tashqi ishlar vazirlariga Eron va Livandagi «Hizbulloh»ning Isroilga hujumi yaqin 48 soat ichida, ya’ni 6 avgustda sodir bo‘lishi mumkinligini aytdi, deya avvalroq AQShning Axios axborot sayti uch manbaga tayanib xabar bergan edi.

Unga ko‘ra, Amerikaning ushbu mintaqadagi kuchlari qo‘mondoni, general Maykl Kurilla Yaqin Sharqqa kelgan. Safar davomida Kurilla Isroilni Eronning ehtimoliy hujumidan himoya qilish uchun xalqaro va mintaqaviy koalitsiyani safarbar etishga harakat qilishi kutilmoqda, deya ta’kidladi Axios manbasi. Amerikalik generalning asosiy to‘xtash joyi Iordaniya bo‘ladi. Eronning Isroilga oldingi hujumi paytida Iordaniya Isroil mudofaasida muhim rol o‘ynadi, o‘z hududida ko‘plab Eron dronlarini tutib oldi va havo hududini Amerika va Isroil qiruvchi samolyotlari uchun ochdi. 

Axios manbalari, shuningdek, Eronning Isroilga hujumi avvalgisidan kattaroq bo‘lishi mumkinligini tan oldi, chunki Eron Livandagi «Hizbulloh» harakatini ham jalb qilishi mumkin. Axios ma’lumotlariga ko‘ra, Blinken G7 bo‘yicha hamkasblarini Tehron, «Hizbulloh» va Isroilga diplomatik bosim o‘tkazishga chaqirib, «maksimal vazminlik» ko‘rsatishga chaqirdi. 

4 avgust kuni bo‘lib o‘tgan video-konferensiyadan so‘ng G7 tashqi ishlar vazirlari manfaatdor tomonlarni «muloqot va vazminlikka to‘sqinlik qiladigan har qanday tashabbuslardan tiyilishga» chaqirdi.

Eron Isroilga hujum bilan tahdid qilmoqda

Yaqin Sharqdagi mojaroning yana bir keskinlashuvi Eron yangi prezidenti Mas’ud Pizishkiyon inauguratsiyasiga kelgan HAMAS guruhi siyosiy byurosi rahbari Ismoil Haniya Tehronda o‘ldirilishi ortidan yuz berdi.

Haniya 31 iyulga o‘tar kechasi o‘z qarorgohida sodir bo‘lgan portlash natijasida halok bo‘lgan – ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, binoga bomba «Mossad» tomonidan yollangan Eron xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan qo‘yilgan bo‘lishi mumkin. Voqeadan so‘ng Eron xavfsizlik kuchlarida hibsga olishlar to‘lqini sodir bo‘ldi. 

OAV xabariga ko‘ra, Eron oliy rahbari oyatulloh Ali Xomanaiy Haniyaning o‘ldirilishiga javoban Isroilga qarshi zarba berishni buyurgan.

Sky News Arabia, o‘z navbatida, bu 12 yoki 13 avgustda, Isroil eng mashhur motam sanalaridan biri - Av oyi to‘qqizinchi kuni yoki Tisha-beavni nishonlayotganda sodir bo‘lishi mumkinligini taxmin qildi. Bu kunda, yahudiylar an’analariga ko‘ra, Quddusning Birinchi va Ikkinchi ibodatxonalari vayron qilingan, Tisha-beav kuni asrlar davomida yahudiy xalqi uchun boshqa fojiali voqealar sodir bo‘lgan. 

Mavzuga oid