Jahon | 14:46 / 07.08.2024
6911
4 daqiqa o‘qiladi

AQSh Yaqin Sharqdagi qo‘shinlari guruhini kuchaytirmoqda

Eron bilan ziddiyat kuchaygan bir paytda, o‘nga yaqin F/A-18 qiruvchi samolyoti va razvedka samolyoti USS Theodore Roosevelt aviatashuvchisidan AQShning Yaqin Sharqdagi bazasiga uchib ketdi, deb yozadi AP.

Foto: REUTERS/Song Kyung-Seok

AQSh Pentagonning Eron va uning ittifoqchilari ehtimoliy hujumlariga qarshi Isroilni qo‘llab-quvvatlash harakatlari doirasida Yaqin Sharqqa qo‘shimcha qo‘shin yubordi. O‘nga yaqin F/A-18 qiruvchi samolyotlari AQShning Yaqin Sharqdagi harbiy bazasiga USS Theodore Roosevelt aviatashuvchi kemasidan uchib ketdi, deb xabar berdi AP axborot agentligi 7 avgust, chorshanbaga o‘tar kechasi AQShning nomi oshkor etilmagan rasmiy vakiliga tayanib. 

Qiruvchi samolyotlar, shuningdek, E-2D Hawkeye razvedka samolyoti Ummon ko‘rfazida joylashgan aviatashuvchi kemani tark etdi va 5 avgust kuni nomi oshkor etilmagan bazaga yetib keldi, deya ta’kidlanadi qo‘shimcha ravishda. 

Pentagon Eron tahdidlari fonida chora ko‘ryapti

Avvalroq AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostin Eron tahdidlari munosabati bilan mintaqadagi o‘z qo‘shinlarini, shuningdek, Isroilni himoya qilish uchun Yaqin Sharqdagi kuchlarni kuchaytirishni buyurgan edi. «Qo‘shma Shtatlar mintaqadagi xodimlarimiz va manfaatlarimizni, jumladan, Isroilni himoya qilish bo‘yicha qat’iy majburiyatimizni himoya qiladi», - deya xabar berdi Pentagon. 

Xususan, hozirda Yaqin Sharqda joylashtirilgan aviatashuvchi zarba beruvchi guruhni almashtirish rejalashtirilgan: USS Abraham Lincoln AQShning mintaqadagi mavjudligini ballistik raketalarga qarshi mudofaa kreyserlari va esminetslari bilan to‘ldirib, USS Theodore Roosevelt o‘rnini egallaydi. Bundan tashqari, «mudofaani qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlarini» oshirish uchun Yaqin Sharqqa qo‘shimcha yerusti raketalarga qarshi mudofaa va qo‘shimcha qiruvchi eskadrilya joylashtirilishi mumkin.

«Ushbu holatni o‘zgartirishlar AQSh harbiylari mintaqada qo‘llab-quvvatlayotgan imkoniyatlarning keng doirasini, jumladan, O‘rta Yer dengizi sharqida faoliyat yuritayotgan USS WASP’dagi dengiz piyoda askarlari desant guruhini to‘ldiradi», - deya tushuntirdi Pentagon. Bu choralar «AQShning turli kutilmagan vaziyatlarga javob berishga tayyorligini ta’minlash»ga qaratilgan.

HAMAS yetakchilarining o‘limidan so‘ng keskinlashuv xavfi 

Isroilning ikki muhim raqibi – Bayrutda «Hizbulloh» rahbari Fuad Shukr va Tehronda HAMAS yetakchisi Ismoil Haniya o‘ldirilganidan keyin Yaqin Sharqdagi keskinlik jiddiy kuchaydi. Bir qator aviakompaniyalar Isroilga reyslarni bekor qildi, chunki mamlakat Eron va Livanning ehtimoliy javob harakatlariga tayyorlanmoqda. Isroil mudofaa kuchlari (TsAHAL) 1 avgust kuni HAMAS harbiy yetakchisi Muhammad Deyfning o‘lganini tasdiqladi. 

HAMAS ham Haniyaning o‘limi haqida xabar berib, hujumda Isroil va AQShni aybladi. HAMASning yuqori martabali rasmiysi qotillik «javobsiz qolmasligini» aytdi, deb xabar beradi AFP. 

Bu voqealardan oldin Livandan «Hizbulloh»ning futbol stadioniga raketa hujumi natijasida Jo‘lan tepaliklaridagi Majdal Shams qishlog‘ida kamida 12 bola va o‘smir halok bo‘lgan edi. 

Mavzuga oid