Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tojikistonda Xitoy bilan hamkorlikda harbiy baza qurilishi rad etildi
Mamlakat ichki ishlar vaziri o‘rinbosariga ko‘ra, Tog‘li Badaxshonda kuch tuzilmalari uchun baza qurilayotgani haqidagi xabarlar haqiqatga mos kelmaydi.
Tojikistonning Tog‘li Badaxshon avtonom viloyatida Xitoy ishtirokida respublika kuch tuzilmalari uchun baza qurilishi haqidagi xabarlar haqiqatga mos kelmaydi. Bu haqda mamlakat ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Abdurahmon Alamshozoda ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
«Xitoy qandaydir baza qurayotgani haqidagi xabarlar mutlaq haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Tog‘li Badaxshon avtonom viloyatining Ishkoshim tumanida biror baza, biror markaz qurmayapmiz», — deydi vazir o‘rinbosari.
Respublika hududida baza qurilayotgani haqidagi xabarlar OAVda bir necha bor tarqaldi, ular aynan qaysi tuzilmalar uchun mo‘ljallangani materiallarda ko‘rsatilmagan. 2021 yil oktyabrda Reuters Tojikiston parlamenti vakiliga tayanib, Dushanbe va Pekin Afg‘oniston bilan chegaradosh bo‘lgan Tog‘li Badaxshon avtonom viloyatida qurilishni amalga oshirishga erishgani haqida yozgandi.
Bloomberg agentligiga ko‘ra, bazaning qurilishi Xitoy Jamoat xavfsizligi vazirligi tomonidan moliyalashtirilishi, keyin esa Tojikiston IIVga topshirilishi kerak bo‘lgan. O‘shanda Xitoy Tashqi ishlar vazirligi mamlakat Markaziy Osiyoda birorta harbiy bazaga egalik qilmasligini bildirgan edi.
2024 yilning iyulida Xitoy bilan hamkorlikda harbiy baza qurilishi haqida Britaniyaning The Daily Telegraph gazetasi yozdi. Xitoy va Tojikiston Tashqi ishlar vazirliklari ushbu ma’lumotni rad etdi. Tojikiston tashqi siyosiy idorasi Dushanbe va Pekin o‘rtasidagi kun tartibida ushbu masala yo‘qligini ma’lum qildi.