Iqtisodiyot | 13:39 / 10.08.2024
3583
3 daqiqa o‘qiladi

Iyulda inflyatsion kutilmalar tarixiy minimumgacha pasaydi

O‘tgan oyda tadbirkorlarning ham, aholining ham inflyatsion kutilmalari so‘rovlar o‘tkazilib kelinayotgan davrdagi eng past ko‘rsatkichni qayd etdi. So‘rovnomada qatnashayotganlarning ketma-ket 4 oydan beri valuta kursi o‘zgarishidan xavotirlari kamayib boryapti.

Foto: Kun.uz

Markaziy bank iyul oyi uchun aholi va tadbirkorlik sub’yektlarining inflyatsion kutilmalari bo‘yicha ma’lumotlarni e’lon qildi.

Unga ko‘ra, aholining inflatsiya bo‘yicha yillik kutilmalari 12 foizni tashkil qilib, iyun oyiga nisbatan 0,8 foizga pasaygan.

Aholi kelgusida narxlar oshishiga quyidagi omillar ta’sir qiladi deb hisoblaydi:

  • kommunal xizmatlarning qimmatlashishi (51 foiz);
  • yoqilg‘i va energiya narxlarining qimmatlashishi (44 foiz);
  • valuta kursi o‘zgarishi (39 foiz);
  • monopoliya va narxlarning sun’iy oshirilishi (28 foiz);
  • transport xarajatlarining oshishi (26 foiz).

 Iyul oyida kommunal xizmatlar narxining oshishini, yoqilg‘i va energiya narxlarining qimmatlashishini va valuta kursi o‘zgarishini inflatsiyaga ta’sir qiluvchi asosiy omil sifatida qayd etgan respondentlar ulushi kamaygan.

Tadbirkorlik sub’yektlarining inflyatsion kutilmalari

Iyul oyi yakunlari bo‘yicha kelgusi 12 oy uchun narxlar o‘sishiga oid respondent tadbirkorlik sub’yektlarining kutilmalari 11,2 foizni tashkil qilib, o‘tgan oyga nisbatan 0,7 foiz bandga pasaygan.

Biznes vakillari narxlar oshishiga quyidagi omillar ta’sir qiladi deb hisoblaydi:

  • kommunal xizmatlarning qimmatlashishi (50 foiz);
  • yoqilg‘i va energiya narxlarining qimmatlashishi (42 foiz);
  • valuta kursining o‘zgarishi (38 foiz);
  • transport xarajatlarining qimmatlashishi (31 foiz).
  • soliq yukining yuqoriligi (28 foiz);

So‘rovnomada qatnashganlar orasida eng yuqori inflyatsion kutilma IT va OAV (12,7 foiz) sohasida ishlovchilarda kuzatilgan. Eng past kutilmani qishloq xo‘jaligi vakillari (9,7 foiz) belgilagan. Tadbirkorlik sub’yektlari orasida eng pessimistik kutilma umumiy ovqatlanish tarmog‘iga (12,2 foiz), eng optimistik kutilma esa turizm (9,8 foiz) sohasiga to‘g‘ri kelgan.

Hududlar kesimida aholi inflyatsion kutilmalarining eng yuqori ko‘rsatkichi Toshkent shahri (13,7 foiz) va Surxondaryo viloyatida (13,5 foiz) kuzatilgan bo‘lsa, eng past ko‘rsatkich Farg‘ona (10,2 foiz) va Toshkent viloyatida (10,7 foiz) qayd etilgan. O‘z navbatida tadbirkorlarning kutilmalari Toshkent shahri (12,6 foiz) va Sirdaryo viloyatida (12,3 foiz) baland, Andijonda (9,7 foiz) esa eng past bo‘lgan.

Daromadlari 5 mln so‘m va undan yuqori bo‘lgan aholining inflyatsion kutilmalari respublika bo‘yicha o‘rtacha darajadan yuqori shakllangan. Oyiga 10-15 mln so‘m ishlab topadigan daromad egalarining inflyatsion kutilmalari 13,6 foiz bo‘lgan.

Mavzuga oid