Jamiyat | 16:01 / 11.08.2024
5520
5 daqiqa o‘qiladi

“Shakarning ko‘zga zarari bormi?” - oftalmolog bilan suhbat

Hozirda qanday ko‘z kasalliklari ko‘p uchramoqda? Ko‘rishi xiralashgan odam ko‘zoynak taqmay yurishi zararmi? Ko‘p miqdorda shakar iste’moli ko‘z nurlari xiralashishiga olib keladimi? Kun.uz shu kabi savollar bilan malakali oftalmolog Bekzod Shukurov suhbatlashdi.

Bekzod Shukurov — 1983 yil Toshkent shahrida tug‘ilgan. 2000—2007 yillarda Toshkent tibbiyot akademiyasida ta’lim olgan. So‘ngra Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida, keyinroq Moskvada o‘qishni davom ettirgan. 2011—2020 yillarda Respublika ko‘z kasalliklari shifoxonasida ishlagan. Shuningdek, u turli grantlar orqali Hindistonda, Avstriyada, Germaniyada malaka oshirgan.

Oftalmolog Shukurov ko‘zoynak, linza, operatsiya kasalliklarning turlariga qarab belgilanishi haqida ma’lumot berdi:

“Bu kasalliklarning turiga qarab belgilanadi. Miopiya bu — minus ko‘zoynak taqadigan odamlarning kasalligi. Gipermetropiya bu — plyus ko‘zoynak taqadigan odamlarning kasalligidir. Astigmatizm esa turli xil darajada ko‘rishni ifodalovchi kasalliklardir. Bular bilan kasallangan bemorlar ko‘zoynak taqib yursalar ham bo‘laveradi. Ular operatsiya qildirishi yoki linza taqishib yurishlari kerak emas. Ko‘zoynak taqqan odamda ko‘rish maydoni ancha qisqaradi, linza taqqan odamda bu gradus kengayadi, operatsiya qildirgan odam esa ravshan ko‘rish qobiliyatiga ega bo‘ladi. Bunda turli xil kasalliklar bor, masalan, katarakta kasalligi yoki glaukoma, to‘rpardadagi har xil kasalliklar. Bu kasalliklarda operatsiya qildirgan ma’qul, chunki bu operatsiyalarni qanchalik vaqtli qildirishsa, shuncha natijasi yaxshi bo‘ladi. Qariganda ham yaxshi ko‘rish qobiliyatiga ega bo‘lish mumkin. Ko‘z kasalliklari qancha kech operatsiya qilinsa, shuncha natijasi past, umri qisqa bo‘lishi mumkin. Bemorlar xohlayotgan ko‘rish o‘tkirligi ham chiqmasligi mumkin”, — deydi u.

Shifokor ko‘z bilan bog‘liq kasalliklar xavfini sezganda darhol shifokorga murojaat qilish kerak deydi. Doktor ko‘rigisiz turli xil maslahatlarga ergashib, holatni og‘irlashtirib qo‘yishdan ogohlantiradi.

“Doktorga ko‘rinish shart, chunki dorilar ko‘zni butunlay tuzatib bera olmaydi”, — deydi u.

Oftalmolog ko‘zi xiralashgan odam ko‘zoynak taqmasdan yursa, ko‘zi battar xiralashib ketishi mumkinligini ham ta’kidladi:

“Masalan, yosh bolalar ko‘zoynak taqmasa, ularning ko‘zida minus, plyus yoki miopiya kasalliklari bo‘ladigan bo‘lsa, shu holaticha yuraveradigan bo‘lishsa, bu ko‘zda ambilopiya (ko‘z dangasa bo‘lib qolishi) mumkin. Bunda o‘z ko‘zi bilan 10 foiz ko‘ryapti, ko‘zoynak bilan 100 foiz ko‘radi. Ammo ko‘zoynak taqmasdan voyaga yetyapti, ko‘zi 10 foizgina ishlayapti. Ba’zilar shu ko‘rish bilan qoniqib ketishyapti. Tug‘ma kasalliklar bo‘lsa bularni qancha tez operatsiya qilsa, shuncha yaxshi. Masalan, miopiya yildan yilga kuchayib boradigan kasallik hisoblanadi. Katta bo‘lgani sari ko‘zining o‘lchami ham kattalashadi va ko‘zdagi minus ko‘rsatkichi oshib boraveradi. 8 yoshda -1, 9 yoshda -2, 10 yoshda -3 kabi oshib boraveradi. Yoki tug‘ma kataraktada ko‘z gavhari xiralashib boradi, boshida gavhar nomiga xira bo‘ladi. Keyin ko‘rish foizi pasayib boraveradi. Ko‘z ham shunda dangasalashib boraveradi”.

Shifokor qurilmalardan foydalanish davrida ko‘z charchamasligi uchun quyidagicha tavsiya berdi:

“Chet el tajribasida 20/20/20 deb nomlanadi bu narsa. Bu 20 mil, 20 daqiqa va 20 soniya. Bu 20 daqiqa kompyuterda o‘tirilsa, 20 mil uzoqda turish va 20 sekundga uzoqqa qarab olishingiz kerak”,  — deydi u.

Bekzod Shukurov shakarning haddan ko‘p iste’moli odamda qandli diabetni rivojlanishini, bu orqali esa ko‘z kasalliklari rivojlanishi mumkinligini ta’kidladi. “Ko‘z qon tomirlari kasalliklarining rivojlanishiga sabab bo‘lishi mumkin yoki kataraktaning rivojlanishiga olib kelishi mumkin. Shu sababli shakarli mahsulotlarni me’yoridan ko‘p iste’mol qilishni tavsiya bermaymiz”, — dedi shifokor.

Mavzuga oid