Odamning ko‘zi tug‘ilganidan boshlab taxminan 20 yoshigacha rivojlanadi. Mazkur jarayon davomida ko‘z asta-sekin kattalashib, shakllanadi. Bolalikdan telefon va planshet kabi qurilmalar bilan haddan tashqari ko‘p vaqt o‘tkazish ko‘zga ortiqcha yuklama tushiradi. Bu esa vizual signallarni tanaga yetkazuvchi ushbu a’zoning o‘z o‘qi bo‘ylab cho‘zilishiga olib keladi. Oftalmolog Jamshiddin Sagdiyevning Kun.uz muxbiriga aytishicha, bunday o‘zgarishlar jarrohlik amaliyoti bilan davolanadigan murakkab muammolarga sabab bo‘lishi mumkin.

Telefon o‘zidan ko‘k nur (blue light) deb ataluvchi to‘lqinlarni chiqaradi. Ushbu nur quyosh nurlari tarkibida mavjud bo‘lsa-da, sun’iy manbalar, xususan, LED ekranlardan tarqalganda organizmga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Smartfonga uzoq vaqt davomida tikilish ko‘z to‘qimalari, ayniqsa to‘r parda (retina)ga bosimni oshiradi, bu esa makula degeneratsiyasi (ko‘rish markazining yemirilishi) xavfini oshiradi. Bola ko‘zi hali to‘liq shakllanmagan va filtrlovchi xususiyati zaifroq bo‘lishi tufayli kattalarnikiga nisbatan ko‘k nurga ta’sirchanroq hisoblanadi. U ekranga uzoq tikilganda ko‘zning tabiiy himoya mexanizmlari, ya’ni har 4-5 soniyada avtomatik pirpirash, ko‘z suyuqligi ajralishi izdan chiqadi”, – deydi oftalmolog.

Ekranga tikilib ishlayotgan odamda ko‘zning pirpirash chastotasi odatdagidan 60 foizgacha kamroq bo‘ladi. Bu esa ko‘zning qurishi, qotib qolishi, toliqishi va muskullarning spazm holatiga tushishiga olib keladi. 7 yoshgacha bo‘lgan bolalarda ushbu holat funksional buzilishlarni yuzaga keltirishi mumkin.

Inson organizmi atrof-muhitdan oladigan axborotlarning 70 foizini aynan ko‘z orqali qabul qiladi. Qolgan 30 foizi eshitish, hid va ta’m bilish, sezish hissiyotlariga to‘g‘ri keladi. Ko‘z to‘g‘ridan to‘g‘ri miya bilan bog‘langan nerv tolalari orqali ma’lumotlarni qayta ishlovchi murakkab tuzilma. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, ko‘z salomatligi faqat jismoniy emas, aqliy va ruhiy salomatlik uchun ham muhim. Ko‘rish qobiliyatining pasayishi tafakkur, eslab qolish, konsentratsiya va reaksiya tezligi kabi ko‘nikmalarga salbiy ta’sir qiladi. Elektron qurilmalardan haddan tashqari ko‘p foydalanish oqibatida ko‘z olmasi zo‘riqib, fokus qilish qobiliyati susayadi, miyaga ortiqcha yuk tushadi. Natijada bolalar tez charchaydi, o‘qishga qiziqish kamayadi va fikrlash jarayoni sekinlashadi”, – deydi Jamshiddin Sagdiyev.