Jahon | 16:27 / 13.08.2024
22030
4 daqiqa o‘qiladi

Marsda suv topildi, faqat u ancha chuqurda joylashgan

NASA olimlari Marsda ilk bor suyuq holatdagi suvni topdi. Suv sayyora yuzasi ostidagi katta chuqurlikdan topilgan.

Foto: NASA

Olimlar NASA’ning Mars Insight Lander zondi tomonidan to‘plangan ma’lumotlarni tahlil qilib, Mars qobig‘ining chuqur qismida suyuq suv “pufakchasi” bor degan xulosaga keldi. Tahlil natijalari Proceedings of the National Academy of Sciences jurnalida chop etildi.

Qizil sayyorada suv allaqachon topilgandi, lekin suyuq holatda emas, balki qutblarda muz va atmosferadagi bug‘ qoldiqlari shaklida.

Mars Insight Lander zondi qo‘shni sayyora yuzasiga 2018 yilda qo‘ngan va 2022 yil oxirigacha bir joyda turib, “sayyorani tinglagan” – apparat seysmograf yordamida Mars qobig‘ining silkinishini qayd etgan.

Olimlar seysmik to‘lqinlarning tezligini o‘lchash orqali ular qanday muhitdan o‘tayotganini yuqori ehtimollik bilan aniqlay oladi.

Olimlarning fikricha, bir paytlar Mars yuzasida xuddi Yerdagi kabi ko‘p suv bo‘lgan. Ammo hozir, uch milliard yil davomida sayyora cho‘l holatida.

Bu o‘zi Yerda suv, neft yoki gazning yer osti konlarini qidirishda qo‘llanadigan usul”, — dedi loyihada ishtirok etgan Kaliforniya universiteti professori Maykl Manga BBC bilan suhbatda.

Tahlillar suv Mars yuzasi ostidan 10-20 kilometr chuqurlikda joylashganini ko‘rsatmoqda. Professor Manganing so‘zlariga ko‘ra, bu kashfiyot “Marsdagi suv qayerga ketdi?” degan katta savolga qisman javob bo‘ladi.

Mars yuzasini o‘rgangan olimlar uzoq vaqtdan beri unda bir paytlar suv bo‘lgan degan xulosaga kelishgan: sayyora yuzasida daryo va ko‘l izlari bor. Ammo olimlarning ta’kidlashicha, so‘nggi uch milliard yil davomida u cho‘l holatida.

Suvning bir qismi bug‘lanib, Mars atmosferasi bilan birga koinotga uchib ketgan. Lekin ayrim qismlar sirt ostida qolganga o‘xshaydi. Professor Manga Yer sayyorasida ham suvning juda katta qismi yer ostida ekanini eslatib o‘tdi va Marsda bunday emasligiga hech qanday sabab ko‘rmayotganini ta’kidladi.

Insight zondi faqat apparat ostidan o‘tgan seysmik to‘lqinlarni qayd etgan va shunga ko‘ra, aynan o‘sha joyda taxminiy suv konlari topilgan. Biroq olimlar bunday konlar Marsning boshqa joylarida ham mavjudligiga ishonyapti.

Agar haqiqatan shunday bo‘lsa, ularning hisob-kitoblariga ko‘ra, mazkur ko‘rinmas konlarda Marsning butun yuzasini (Tinch okeani hududidan kichikroq) bir yarim kilometrdan ortiq qalinlikdagi suv qatlami bilan qoplashga yetadigan suv bo‘lishi kerak.

Lekin bu zaxiralarning chuqurligi Marsni egallashni rejalashtirgan ba’zi milliarderlar uchun yaxshi xabar emas.

“U sayyora qobig‘idan 10-20 kilometr chuqurlikda yashiringan. Marsda 10 kilometr chuqurlikdagi teshik ochish hatto (Ilon) Mask uchun qiyin bo‘lardi”, — dedi professor Maykl Manga.

Insight zondining kashfiyoti Marsda hayot izlari mavjud bo‘lgan taqdirda, ularni qayerdan izlash kerakligini ham ko‘rsata oladi.

Suyuq suvsiz hayot bo‘lmaydi”, — deb eslatadi professor Manga. “Demak, agar Marsda yashash uchun potensial joylar mavjud bo‘lsa, ular sayyora yuzasidan chuqurroqda bo‘lishi mumkin”.

Mavzuga oid