Jahon | 07:32 / 14.08.2024
3049
3 daqiqa o‘qiladi

Kursk oblastining yana bir rayonida evakuatsiya boshlandi

13 avgustgacha aholi Bolshesoldatskiy rayonini «mustaqil ravishda» tark etdi, deb yozadi uning rahbari Vladimir Zaytsev. Hozirda ma’muriyat evakuatsiya bo‘yicha so‘rovlarni yig‘moqda. 

Foto: AP / Scanpix

Ukraina Qurolli kuchlari (UQK) 6 avgustdan buyon harakat olib borayotgan Rossiya Federatsiyasi Kursk oblastining Bolshesoldatskiy rayonida aholi – ham o‘z kuchi bilan, ham mahalliy ma’muriyat yordamida evakuatsiya qilinmoqda. Bu haqda rayon rahbari Vladimir Zaytsevning 13 avgust, seshanba kungi xabarida aytiladi. 

«Men qo‘limdan kelgan hamma narsani qilyapman: biz tinch aholini olib chiqyapmiz, harbiylarga yordam beryapmiz, oziq-ovqat taqdim etyapmiz, yong‘inlarni o‘chiryapmiz va yana ko‘p narsalarni qilyapmiz. Bugun biz kimni evakuatsiya qilish kerakligi haqida ma’lumot yig‘yapmiz», — deb yozgan rasmiy. 

Zaytsevning so‘zlariga ko‘ra, 12 avgust holatiga ko‘ra, hududda evakuatsiya bo‘yicha hech qanday so‘rov bo‘lmagan. «Men juda ko‘p odamlar qolganini tushunyapman, ammo ular ketishni xohlamayapti», deb ta’kidladi u. 

Bolshesoldatskiy rayoni Sudja rayonidagi Martinovka qishlog‘idan sakkiz kilometr uzoqlikda joylashgan bo‘lib, Telegram-kanallari xabariga ko‘ra, ukrainalik harbiylar unga yaqinlashgan, rayonning o‘zida janglar ketmoqda, deb xabar beradi 7x7 internet-nashri. 

Kursk oblasti aholisini evakuatsiya qilish

Avvalroq Kursk oblasti rahbari vazifasini bajaruvchi Aleksey Smirnov mintaqadagi 180 ming kishi evakuatsiya qilinishi kerakligini aytgan edi. Gazeta.ru internet-nashrining yozishicha, 12 avgustga kelib 121 ming aholi allaqachon uylarini tark etgan. 

Kursk oblastining Glushkov, Korenev, Sudja rayonlarida ham aholining ixtiyoriy ravishda chiqib ketishi tashkil etildi. Shu bilan birga, qo‘shni Belgorod oblasti Krasnoyarujskiy rayoni aholisi uni deyarli butunlay tark etdi, deyiladi gubernator Vyacheslav Gladkovning 13 avgust kuni ertalabki xabarida.

Ukrainaning Kursk viloyatiga bostirib kirishi 

Ukraina Qurolli kuchlari 2024 yilning 6 avgustidan buyon Kursk oblastida harbiy operatsiya o‘tkazmoqda. Kursk oblastidagi harbiy amaliyotda «minglab» ukrainalik harbiylar ishtirok etmoqda. Bu haqda Ukraina xavfsizlik sohasidagi ismi oshkor etilmagan yuqori martabali xodimga tayanib, AFP xabar berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hujumning maqsadi - Rossiya kuchlarini «cho‘zish» va mamlakatni «beqarorlashtirish». 

Mavzuga oid