O‘zbekiston | 19:33 / 16.08.2024
12915
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning 7 ta viloyatida sel xavfi e’lon qilindi

18-19 avgust kunlari kutilayotgan yomg‘irlar yog‘ishi ortidan tog‘li hududlarda sel-suv toshqini hodisalari yuzaga kelishi mumkin. Tog‘oldi va tog‘li hududlarda istiqomat qiluvchi fuqarolar ehtiyotkor bo‘lish so‘ralmoqda. 

Foto: Kun.uz

Joriy yilning 18-19 avgust kunlari yomg‘irlar yog‘ishi sababli respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida sel-suv toshqini hodisalari kuzatilishi xavfi bor. Bu haqda O‘zgidromet agentligi direktori Sherzod Habibullayev ogohlantirdi.

Unga ko‘ra, quyidagi hududlarda sel-suv toshqinlari yuzaga kelishi mumkin:

  • Qashqadaryo viloyati — Yakkabog‘, Dehqonobod, Chiroqchi, Kitob, Shahrisabz, Qamashi, G‘uzor tumanlarida;
  • Samarqand viloyati — Urgut, Samarqand, Bulung‘ur, Nurobod, Qo‘shrabot, Kattaqo‘rg‘on, Payariq, Jomboy, Ishtixon tumanlarida;
  • Jizzax viloyati — Zomin, Baxmal, G‘allaorol, Sharof Rashidov, Forish, Yangiobod tumanlarida;
  • Toshkent viloyati — Ohangaron, Bo‘stonliq, Parkent, Piskent, O‘rta Chirchiq, Yuqori Chirchiq tumanlarida va Angren, Olmaliq shaharlarida;
  • Namangan viloyati — Pop, Kosonsoy, Chortoq, Chust, Namangan, Yangiqo‘rg‘on tumanlarida;
  • Farg‘ona viloyati — So‘x, Farg‘ona, Beshariq tumanlarida va Shohimardon hududida;
  • Andijon viloyati — Andijon, Asaka, Jalaquduq, Qo‘rg‘ontepa, Paxtaobod, Izboskan, Xo‘jaobod, Marhamat tumanlarida va Xonobod shahrida.

Tog‘oldi va tog‘li hududlarda istiqomat qiluvchi fuqarolar, dam oluvchilar hamda tog‘li hududlarda harakatlanuvchi haydovchilardan ehtiyotkorlik choralarini ko‘rishlari so‘ralmoqda. 

Shuningdek, respublika hududi bo‘yicha yomg‘ir suvlari to‘planishi ehtimoli bor, bu esa hududlarni suv bosishiga olib kelishi mumkin.

Mavzuga oid