Jahon | 18:12 / 17.08.2024
2485
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston Mpox virusini aniqlash uchun PZR testlarini sotib oldi

Mamlakatda epidemiologik vaziyat barqaror ekani ta’kidlanmoqda.

Foto: freepik

Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi Mpox virusini (maymunchechak) aniqlash uchun PZR testlarini sotib oldi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Timur Sultang‘aziyev ma’lum qildi, deb xabar berdi Kazinform.

«Qozog‘istonda epidemiologik vaziyat barqaror», dedi Sultang‘aziyev.

Qayd qilinishicha, Qozog‘istonda Mpox virusi tarqalishining oldini olish asosiy usuli bu kasallikning kirib kelishini nazorat qilishdir. Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan aeroport va chegara o‘tkazish punktlarida termometr o‘rnatilgan. Vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, avvalgi COVID-19 pandemiyasi asosida bemorlarni aniqlash uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Kasallikning klinik protokoli ishlab chiqilgan.

Sultang‘aziyevning ta’kidlashicha, Mpox virusining o‘ziga xos xususiyati uning oldini olish va davolashning o‘ziga xos usullari yo‘qligidir.

Bir kun oldin JSST Mpox epidemiyasini ikki yil ichida ikkinchi marta global favqulodda holat deb e’lon qildi.

2023 yil sentabr oyida boshlangan epidemiya Afrika qit’asida 13,7 ming kishiga yuqqan, ulardan 456 nafari vafot etgan. Afrikadan tashqarida qayd etilgan kasallikning birinchi holati Shvetsiyada ro‘yxatga olingan.

15 avgust kuni Xitoy Mpox virusining mamlakatga kirib kelishi oldini olish uchun chegara nazoratini kuchaytirdi. Ushbu virus tarqalgan mamlakatlardan Xitoyga kirgan, kasallik alomatlari bo‘lgan yoki kasallik yuqtirgan shaxslar kirish vaqtida bojxona organlarini xabardor qilishi kerak.

Mavzuga oid