Jahon | 21:23 / 28.01.2026
881
6 daqiqa o‘qiladi

Nipah virusining tarqalishi Osiyo mamlakatlarini Hindistondan kelayotgan yo‘lovchilarni tekshirishga majbur qildi

Virus hayvonlardan odamga yuqishi mumkin. Ushbu kasallikka qarshi vaksina yoki davo yo‘qligi sababli, undan o‘lim darajasi juda yuqori - 40 foizdan 75 foizgacha.

Foto: EPA

Hindistonning G‘arbiy Bengaliya shtatida odamlar hayoti uchun xavfli bo‘lgan Nipah virusi tarqalishi qayd etildi. Kasallik tarqalishining oldini olish maqsadida ba’zi Osiyo mamlakatlari rasmiylari Hindistondan kelayotgan yo‘lovchilarni tekshirishni kuchaytirdi. BBC vaziyat bilan bog‘liq so‘nggi ma’lumotlarni jamladi.

Tailand G‘arbiy Bengaliyadan parvozlarni qabul qiluvchi uchta aeroportda yo‘lovchilarni tekshirishni boshladi. Nepal nafaqat Katmandu aeroportiga kelganlarni, balki Hindiston bilan quruqlikdagi chegara punktlari orqali mamlakatga kirganlarni ham tekshirmoqda.

Qirg‘iziston, Qozog‘iston va O‘zbekiston rasmiylari ham chegara o‘tkazish punktlarida tibbiy nazoratni kuchaytirdi.

Yanvar oyi boshida G‘arbiy Bengaliyada besh nafar tibbiyot xodimi virusga chalingan, ulardan birining ahvoli og‘ir. Ular bilan muloqotda bo‘lgan 110 ga yaqin kishi karantinga olingan.

Virus hayvonlardan odamga yuqishi mumkin. Ushbu kasallikka qarshi vaksina yoki davo yo‘qligi sababli, undan o‘lim darajasi juda yuqori - 40 foizdan 75 foizgacha.

Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Qozog‘iston nazoratni kuchaytirmoqda

27 yanvar kuni Qirg‘iziston Sog‘liqni saqlash vazirligi mamlakatda birorta ham kasallanish holati qayd etilmaganini ma’lum qildi.

«Hech qanday vahimaga o‘rin yo‘q. Mamlakat sog‘liqni saqlash tizimi har qanday ehtimoliy epidemiologik tahdidlarga zudlik bilan javob berishga tayyor», deyiladi vazirlik xabarida. Idora «ehtimoliy infeksiya kirib kelishining oldini olish uchun» chegarada sanitariya nazorati kuchaytirilganini tasdiqladi.

O‘zbekiston hukumati ham kasallik holatlari yo‘qligini ma’lum qildi, bu yerda ham chegarada nazorat kuchaytirildi. Ta’kidlashicha, «ushbu kasallikning mamlakatga kirib kelish ehtimoli juda past».

Avvalroq Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi chegarada «Hindiston va Janubi-Sharqiy Osiyoning boshqa mamlakatlaridan kelayotgan fuqarolarga alohida e’tibor qaratgan holda» sanitariya va karantin nazorati kuchaytirilgani haqida xabar bergan edi.

Nipah virusi nima va uning qanday belgilari bor?

Nipah virusi odamlarga hayvonlardan, masalan, cho‘chqalar va ko‘rshapalaklardan yuqishi mumkin. Bundan tashqari, u odamdan-odamga zararlangan oziq-ovqat mahsulotlari orqali yuqadi.

Ehtimoliy epidemiya xavfi tufayli Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Nipahni Covid-19 va Zika virusi bilan bir qatorda eng xavfli kasalliklar o‘ntaligiga kiritgan.

Nipah virusining inkubatsion davri 4 kundan 14 kungacha davom etadi. Kasallik alomatlari turlicha namoyon bo‘lishi mumkin, ba’zan umuman alomatlarsiz kechadi.

Kasallikning dastlabki belgilari isitma, bosh og‘rig‘i, mushak og‘rig‘i, qusish va tomoq og‘rig‘i bo‘lishi mumkin. Ba’zi odamlarda kasallik uyquchanlik, fikrlashning susayishi va pnevmoniya bilan birga kechadi. Og‘ir hollarda bemorlarda ensefalit - bosh miyaning yallig‘lanishiga olib keladigan hayot uchun xavfli kasallik rivojlanishi mumkin.

Bugungi kunga qadar Nipahni davolash uchun tasdiqlangan dorilar yoki vaksinalar mavjud emas.

O‘tmishda Nipah epidemiyalari qayerlarda sodir bo‘lgan?

Nipah virusining birinchi qayd etilgan tarqalishi 1998 yilda Malayziyadagi cho‘chqa fermalarida sodir bo‘lgan, keyin u qo‘shni Singapurga tarqalgan. Virus o‘z nomini birinchi marta aniqlangan qishloq nomidan olgan.

Birinchi epidemiya oqibatida 100 dan ortiq odam halok bo‘ldi, virusni lokalizatsiya qilish uchun esa millionga yaqin cho‘chqani yo‘q qilishga to‘g‘ri keldi. Virus fermer va chorvadorlarga katta iqtisodiy zarar yetkazdi.

So‘nggi yillarda virusdan eng ko‘p Bangladesh aziyat chekmoqda. 2001 yildan beri kasallik u yerda 100 dan ortiq odamning hayotiga zomin bo‘lgan.

Hindistonda kasallik o‘choqlari G‘arbiy Bengaliyada 2001 va 2007 yillarda qayd etilgan.

So‘nggi yillarda Hindistonning Kerala shtati Nipah virusining tarqalish o‘chog‘iga aylandi. 2018 yilda u yerda 19 ta kasallanish holati qayd etilgan bo‘lib, ulardan 17 tasi o‘lim bilan yakunlangan, 2023 yilda esa tasdiqlangan 6 bemordan 2 nafari vafot etgan.

Hozir vaziyat qanday?

O‘tgan hafta holatiga ko‘ra, G‘arbiy Bengaliyada kamida beshta tasdiqlangan holat qayd etilgan. Ularning barchasi Barasat shahridagi xususiy shifoxonaga aloqador edi. Ikki hamshira jonlantirish bo‘limida, ulardan biri «juda og‘ir» ahvolda qolmoqda, deb xabar berdi mahalliy OAV.

25 yanvar kuni Tailand G‘arbiy Bengaliyadan reyslarni qabul qiluvchi Bangkok va Pxuketdagi uchta xalqaro aeroportda yo‘lovchilarni tekshirishni boshladi. Ushbu reyslar yo‘lovchilaridan salomatlik holati bo‘yicha so‘rovnomani to‘ldirish so‘ralgan.

Tailand Milliy bog‘lar va yovvoyi tabiatni muhofaza qilish boshqarmasi mashhur sayyohlik joylarida qattiqroq nazorat choralarini joriy qildi.

Kasalliklarni nazorat qilish departamenti vakili Juray Vongvasdining ma’lum qilishicha, rasmiylar Tailandda kasallik tarqalishining oldini olishga «ishonchi komil».

Ayni paytda Tayvan sog‘liqni saqlash idoralari Nipah virusini «beshinchi toifadagi kasalliklar» ro‘yxatiga kiritishni taklif qildi. Orolda amalda bo‘lgan tizimga ko‘ra, beshinchi toifadagi kasalliklarga aholi salomatligi uchun jiddiy xavf tug‘diradigan va maxsus nazorat choralarini talab qiladigan yangi yoki kam uchraydigan infeksiyalar kiradi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов

Mavzuga oid