O‘zbekiston | 13:09 / 21.08.2024
3438
3 daqiqa o‘qiladi

Mijozlardan 1,3 mlrd so‘m ortiqcha to‘lov undirgan temiryo‘lchilarga chora ko‘rildi

“O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJ Farg‘ona filiali va “Shahar atrofida yo‘lovchi tashish” MChJ Farg‘ona filiali sotilgan chiptalardan vositachilik yig‘imi qiymati bo‘yicha iste’molchilardan 1,3 mlrd so‘m ortiqcha to‘lov undirgan. Raqobat qo‘mitasi bu ikki kompaniyani jarimaga tortdi. Ular ortiqcha undirilgan to‘lovlarni iste’molchilarga qaytaradi.

Foto: Transport vazirligi

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJ va “Shahar atrofida yo‘lovchi tashish” MChJ faoliyati “Raqobat to‘g‘risida”gi hamda “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun hujjatlariga asosan o‘rganib chiqildi.

O‘rganishlarda bu ikki tashkilot iste’molchilardan ortiqcha to‘lovlar undirgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJ Farg‘ona filiali (bo‘linmasi) tomonidan temiryo‘l vokzali (stansiyalari) bo‘ylab 2023 yil davomida 606 380 ta sotilgan chiptalardan vositachilik yig‘im qiymati bo‘yicha 660 mln so‘mga yaqin, “Shahar atrofida yo‘lovchi tashish” MChJ Farg‘ona filiali tomonidan temiryo‘l vokzali (stansiyalari) bo‘ylab 2024 yilning 1 yanvaridan 24 iyul kunigacha 185 806 ta sotilgan chiptalardan vositachilik yig‘im qiymati bo‘yicha 560 mln so‘mga yaqin, umumiy hisobda jami 792 186 nafar iste’molchilardan 1.3 mlrd so‘mga yaqin ortiqcha haq undirilgan.

Yuqoridagilarga asosan, o‘rganish natijasida qo‘mita maxsus komissiyasi tomonidan “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJga va “Shahar atrofida yo‘lovchi tashish” MChJga shaharlararo va shahar atrofida yo‘lovchi tashish bo‘yicha Farg‘ona filiali tomonidan ortiqcha undirilgan to‘lovlarni iste’molchilarga qaytarishi yuzasidan ko‘rsatma berilib, moliyaviy jarima qo‘llandi. Shuningdek, qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berildi”, - deyiladi qo‘mita xabarida.

Rasmiy xabarda maxsus komissiyaning ushbu qaroridan norozi bo‘lgan tomon qo‘mitaning Apellyatsiya kengashiga yoki sudga murojaat qilish huquqiga egaligi eslatilgan.

Avvalroq, Raqobat qo‘mitasi Orient Group Management va O‘zbek-Ummon investitsiya kompaniyasiga nisbatan ish qo‘zg‘atgandi. Bu kompaniyalar Highway logistika markazining 45 foizdan ulushi egasiga aylanishda Raqobat qo‘mitasining oldindan roziligini olmagani uchun jarimaga tortilgan.

Eslatib o‘tamiz, qo‘mita reklama qonunchiligi yuzasidan telekanallarga ko‘rsatma xati yuborgan. Bunga oxirgi vaqtlarda ommaviy axborot vositalari orqali reklamalarni tarqatishda qonunchilik talablarining buzilish holatlari sabab bo‘lgan.

Mavzuga oid