Sport | 22:01 / 22.08.2024
39484
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston sportga qancha mablag‘ sarflamoqda?

Markaziy Osiyo davlatlarining sport sohasiga xarajatlari va Olimpiada medallari taqqoslab ko‘rildi.

Foto: Getty Images

Qozog‘iston Markaziy Osiyo davlatlari ichida sportga eng ko‘p mablag‘ sarflamoqda. Bu haqda qozog‘istonlik sport jurnalisti Ivan Rezvansev ma’lumot berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «bu o‘ylab ko‘rish uchun mo‘ljallangan ma’lumotlar».

Qayd qilinishicha, 2023 yil dekabr oyida Qozog‘iston Turizm va sport vazirligi rahbari Ermek Marjikpayev davlat tomonidan ushbu sohani rivojlantirish uchun sarflanadigan mablag‘larni aytib o‘tgan. Jumladan, Qozog‘istonda bu maqsadlarga qariyb 300 milliard tenge (626,9 million dollar) sarflangan: 62 milliard respublika budjetidan, 200 milliard mahalliy budjetlardan, yana 29,5 milliard Sport Qory jamg‘armasidan. Qozog‘istonning 2024 yilgi Olimpiadadagi natijalari: 1 ta oltin, 3 ta kumush, 3 ta bronza medali.

Jurnalistning ta’kidlashicha, 2024 yil yanvar oyida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev respublika sporti ehtiyojlari uchun 2 trillion so‘m (158 million dollar) ajratish to‘g‘risidagi qarorni imzolagan edi. O‘zbekistonning 2024 yilgi Olimpiadadagi natijalari: 8 ta oltin, 2 ta kumush, 3 ta bronza.

Shuningdek, joriy yilda Qirg‘iziston budjetidan sport ehtiyojlari uchun 1,9 milliard qirg‘iz so‘mi (22,2 million dollar) ajratilgan. Qirg‘izistonning 2024 yilgi Olimpiadadagi natijalari: 2 ta kumush, 3 ta bronza medali.

Shu bilan birga, Tojikiston davlat budjetidan sport va madaniyat sohalariga 2024 yilda jami 1,71 milliard somoniydan ortiq mablag‘ ajratiladi. Agar bu mablag‘ ikki yo‘nalishga teng taqsimlansa, sport 858 million somoniydan (80,4 million dollar) ortiq mablag‘ olgan. Tojikistonning 2024 yilgi Olimpiadadagi natijalari: 3 ta bronza medali.

Tahlilda Turkmaniston bo‘yicha ma’lumotlar keltirilmagan. Bu mamlakat sportchilari Parij olimpiadasida birorta medalni qo‘lga kiritmadi.

Mavzuga oid