Jahon | 10:06 / 23.08.2024
1256
2 daqiqa o‘qiladi

Islandiyaning janubi-g‘arbiy qismida yana vulqon otildi

Otilishdan oldin 4 magnitudali zilzila sodir bo‘lgan. Islandiya meteorologiya boshqarmasi xabar berishicha, lava otilishi davom etayotgan yoriq uzunligi 3,9 kilometrni tashkil etadi.

Foto: AP

Islandiya janubi-g‘arbidagi Reykyanes yarimorolida 22 avgust, payshanba kuni yana bir vulqon otilishi sodir bo‘ldi. Bu so‘nggi to‘qqiz oy ichida oltinchi bo‘ldi, deya aniqlik kiritmoqda AFP. Otilishdan oldin 4 magnitudali zilzila sodir bo‘lgan. Islandiya meteorologiya idorasi hisob-kitoblariga ko‘ra, lava otilishi davom etayotgan yoriqning umumiy uzunligi 3,9 kilometrni tashkil qiladi.

Bu otilish oroldagi Grindavik baliqchilar qishlog‘iga qanchalik yangi xavf tug‘dirishi hozircha aniq emas. Ehtiyotkorlik maqsadida aholi evakuatsiya qilindi, deb xabar berdi mahalliy o‘t o‘chirish boshqarmasi. Oldingi otilishlardagi lava oqimlari 4000 ga yaqin odam yashaydigan Grindavik chekkasiga yetib borgan.

Reykyanes yarimorolidagi oxirgi vulqon otilishi ikki oy oldin qayd etilgan va uch haftadan ko‘proq davom etgan. Hammasi bo‘lib Islandiyada 30 dan ortiq faol vulqon tizimlari mavjud bo‘lib, bu Yevropadagi eng katta raqamdir. U O‘rta Atlantika tizmasi bo‘ylab joylashgan va okean tubidagi tog‘ tizimi Yevrosiyo hamda Shimoliy Amerika tektonik plitalarini ajratib turadi. Yangi otilishlar fonida vulkanologlar mintaqada seysmik faollikning yangi davri boshlanganini e’lon qilmoqdalar.

Mavzuga oid