Jahon | 09:33 / 23.08.2024
1941
3 daqiqa o‘qiladi

Kamala Harris AQSh prezidentligiga nomzodi ilgari surilishiga rasman rozilik berdi

Demokratik partiyaning Chikagodagi milliy qurultoyida o‘z tarafdorlari oldida nutq so‘zlagan Kamala Harris «barcha amerikaliklar uchun prezident bo‘lishga» va’da berdi.

Foto: AP

AQSh vitse-prezidenti Kamala Harris 22 avgust, payshanba kuni Chikagoda bo‘lib o‘tgan Demokratik partiyaning milliy qurultoyida o‘z nomzodini AQSh prezidentligiga ilgari surilishiga rozilik berdi.

Harris tarafdorlari bilan suhbatda o‘z tarjimayi holidagi asosiy faktlar haqida gapirdi, kampaniyaning asosiy nuqtalarini aytib berdi va saylovoldi poygasidagi raqibi, sobiq prezident Donald Trampni yana bir bor tanqid qildi. «Bugun tunda bizni turli siyosiy qarashlarga ega odamlar kuzatayotganini bilaman va men barcha amerikaliklar uchun prezident bo‘lishga va’da beraman», — deya Harris so‘zlarini keltiradi AP.

Kamala Harrisning qurultoyda e’lon qilingan saylovoldi va’dalari orasida o‘rta sinf uchun soliqlarni kamaytirish, AQSh immigratsiya tizimini isloh qilish, Yaqin Sharqdagi mojaroni hal etish va Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish bor.

Bir kun avval Minnesota gubernatori Tim Uolz o‘z nomzodini Demokratik partiyadan AQSh vitse-prezidentligiga ilgari surilishini qabul qildi. Shu kuni AQSh sobiq prezidenti Bill Klinton qurultoyda nutq so‘zladi hamda Uolz va Harrisni ma’qullab, ularni «oddiy amerikalik, ammo aql bovar qilmaydigan hayotiy voqealarga ega» liderlar deb atadi. Klinton ishonch bildirishicha, Harris va Uolz Qo‘shma Shtatlar uchun «toza havo» nafasi bo‘ladi va ularni saylagan amerikaliklar «butun umri davomida bundan faxrlanadilar».

Harrisning prezidentlikka ilgari surilishi

21 iyul kuni AQSh amaldagi prezidenti Jo Bayden, jumladan, partiyadoshlari tomonidan ko‘payib borayotgan tanqidlar fonida prezidentlik poygasini tark etishini e’lon qildi. Uning aniqlik kiritishicha, vakolat muddati tugagunga qadar davlat rahbari sifatida ishlashda davom etadi va Demokratik partiyadan Kamala Harrisni prezidentlikka nomzod sifatida ko‘rsatadi.

Tez orada Harris demokrat delegatlarning onlayn ovoz berishida rasman nomzod sifatida ko‘rsatilish uchun yetarlicha qo‘llab-quvvatlandi va saylovchilar o‘rtasidagi reytingda respublikachi nomzod Donald Trampni ortda qoldira oldi.

AQShda prezidentlik saylovlari 2024 yil 5 noyabrda bo‘lib o‘tadi.

Mavzuga oid