Jahon | 23:33 / 23.08.2024
5285
2 daqiqa o‘qiladi

Meksika elchining bayonoti sabab AQShga nota yubordi

AQSh elchisining mamlakatda o‘tkazilayotgan sud islohotlari borasidagi tanqidini Meksika tomoni mamlakat ichki ishlariga aralashuv deb baholamoqda.

Foto: Reuters

Meksika AQSh elchisi Ken Salasarning mamlakatda amalda oshirilayotgan sud islohotlari borasidagi tanqidlariga nisbatan norozilik bildirib, diplomatik nota yubordi. Hujjat matnini Meksika prezidenti Andres Manuel Lopes Obrador har kuni o‘tkaziladigan matbuot anjumani doirasida taqdim etdi.

«AQSh elchisining faqatgina Meksika vakolati ostida bo‘lgan ushbu masala bo‘yicha pozitsiyasini bildiruvchi bayonoti Meksikaning suverenitetiga zid, qabul qilib bo‘lmaydigan aralashuvdir», — deyiladi Amerika elchixonasiga yo‘llangan notada.

Diplomatlar, shuningdek, Salasarning bayonoti «hukumatlar o‘rtasidagi munosabatlarni ifodalovchi o‘zaro hurmat darajasini aks ettirmasligini» qayd etdi.

Hujjatda ko‘rsatilishicha, mamlakatda ishga tushirilgan sud islohoti huquqiy davlatni mustahkamlashga qaratilgan va Meksika Konstitutsiyasiga qat’iy rioya qilingan holda amalga oshirilmoqda.

22 avgust kuni AQShning Meksikadagi elchisi sudyalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylash rejasini tanqid qilgandi. Uning fikricha, bu Meksika demokratiyasi uchun jiddiy xavf tug‘diradi, chunki «kartellar va boshqa yovuz niyatli kimsalar o‘z manfaatlari yo‘lida siyosiy o‘smoqchi bo‘lgan va tajribasiz sudyalardan foydalanishi mumkin».

Meksikaning amaldagi prezidenti Andres Manuel Lopes Obrador bo‘lajak prezidenti Klaudiya Sheynbaum bilan keng ko‘lamli sud islohotini o‘tkazishga harakat qilmoqda, parlamentning yangi tarkibi uni sentabrda tasdiqlashi mumkin.

Islohotlarga ko‘ra, Oliy sud sudyasi lavozimiga nomzodni jamoatchilik muhokamasiga qo‘yish mumkin bo‘ladi. Bundan tashqari, mamlakat shtatlarining sud organlari ham o‘z magistrat va sudyalarini, shuningdek, mustaqil ma’muriy va intizom organlarini bevosita saylash qoidalarini o‘rnatishlari kerak.

Mavzuga oid