Jahon | 14:35 / 26.08.2024
10328
3 daqiqa o‘qiladi

Saratov va Engelsda dronlar ko‘p qavatli uylarga urildi. Jabrlanganlar bor

26 avgust tongida uchuvchisiz uchar qurilmalar Saratovdagi uy hamda Engels shahridagi ko‘p qavatli binoga zarba bergan. Saratovdagi ko‘p qavatli binoga dron kelib urilishi oqibatida to‘rt kishi jarohat olgan: hudud gubernatori Roman Busargin jabrlanuvchilardan biri og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilganini ma’lum qilgan.

Dmitry Chernenkov/TASS

«Shifokorlar uning hayoti uchun kurashmoqda. Qolganlarga voqea joyida yordam ko‘rsatilmoqda», — deya xabar bergan Saratov oblasti gubernatori telegram-kanalida.

Saratov va Engels dushanba tongida dronlar hujumiga uchragan. Xususan, dronlar Engelsdagi aviabazaga ham yetib borgan.

Region rahbariyati dronlar hujumi qaytarilganini xabar qilgan, ammo dronlar turar joylarga borib urilgan holatlar ham bor.

Saratovda dron Predmostovoy maydonidagi 38 qavatli Volga Sky turar joy kompleksiga zarba bergan. 128,6 metr balandlikdagi ushbu kompleks shahardagi eng baland bino hisoblanadi.

Agentliklar va telegram-kanallarda tarqalgan fotosuratlarda ko‘p qavatli binoning uch qavatida derazalar to‘kilib tushgani aks etgan.

Mash telegram-kanali tomiga dron kelib tushgan uy hovlisida shikastlangan avtomobillar videosini ham namoyish etgan.

Engels shahrida dron Pushkin ko‘chasidagi ko‘p qavatli uy tomini shikastlagan. Roman Busarginning xabariga ko‘ra, ko‘p qavatli uyga dron kelib urilishi oqibatida jarohat olganlar yo‘q.

«Mutaxassislar binoni ko‘zdan kechirgunicha yashovchilarning barchasi evakuatsiya qilindi. Favqulodda xizmatlar xodimlari, qutqaruvchilar ishlamoqda», — degan gubernator.

Saratov va Engels shaharlari Volga daryosining o‘ng va chap sohillarida bir-biriga ro‘para joylashgan, ukrainlar dronlari hujumiga yo‘liqqan Engelsdagi aviabazadan esa daryogacha masofa to‘rt kilometrni tashkil etadi.

Oblastga dronlar hujumi oqibatida Engels rayoni Pribrejniy posyolkasida to‘rtta xususiy uy ham shikastlangan. Region rasmiylariga ko‘ra, bu posyolkaga hujum oqibatida jarohatlanganlar yo‘q.

Saratov va Engelsda rasmiylar shikastlangan uylarda yashovchilarga yordam ko‘rsatish uchun operativ shtablar tashkil etishgan.

Gubernator shikastlangan uylarda yashovchilar, shuningdek shikastlangan avtomobillar egalariga yetkazilgan zararni qoplab berish uchun «mablag‘ ajratishni ta’minlash» zarurligini aytgan. Hozircha ajratiladigan summa miqdoriga aniqlik kiritilmagan.

Rossiya mudofaa vazirligi 26 avgustga o‘tar kechasi ukrainlarning yigirmata droni havo hujumidan mudofaa kuchlari tomonidan tutib qolingani haqida xabar bergan.

Vazirlik bayonotiga ko‘ra, to‘qqizta dron Saratov oblasti hududida, uchtasi — Kursk ustida, shuningdek, Bryansk, Belgorod va Tula oblastlarida ikkitadan, Orlov va Ryazan oblastlarida bittadan uchuvchisiz uchar qurilmalar to‘xtatilgan.

26 avgust kuni Volgograd oblasti gubernatori Andrey Bocharov ham dronlar hujumi haqida xabar bergan. Oblastning Yelansk rayonida hujum oqibatida turar joy binosi va ikkita odam yashamaydigan bino shikastlangan. Region rasmiylari jabrlanuvchilar haqida ma’lumot bermagan.

Mavzuga oid