Jahon | 17:56 / 28.08.2024
2762
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda jamoat joyida niqob taqqan yigit hibsga olindi

18 yoshli fuqaro Nyu-Yorkning Nasso okrugida yaqinda qabul qilingan niqob taqishni taqiqlash haqidagi qonunning birinchi ayblanuvchisiga aylandi.

Foto: AP

Nyu-Yorkning Nasso okrugida politsiya jamoat joyida niqob taqib yurgan yigitni qo‘lga oldi va unda pichoq borligini aniqladi, deb yozmoqda The New York Times.

Jamoat joylarida niqobdan foydalanishni taqiqlash chaqiriqlari iyun oyida, Falastin tarafdorlaridan ba’zilari norozilik namoyishlari chog‘ida yuzini bekitganidan keyin boshlangan. Ular shaxsini yashirish va ijtimoiy tarmoqlarda onlayn hujumga uchramaslik uchun shunday qilishganini aytgan. Ammo, ta’kidlanishicha, niqobdagi kishilarning ayrimlari bezorilik harakatlarini sodir etgan.

Hibsga olingan 18 yoshli Ueslin Omar Ramires Kastillo shu oy Nyu-Yorkning Nasso okrugida qabul qilingan niqob taqishni taqiqlash haqidagi qonunning birinchi ayblanuvchisi bo‘ldi”, — deyiladi xabarda.

Uning birorta norozilik namoyishida qatnashgani haqida xabar berilmagan. Okrug politsiyasining aytishicha, yigit ko‘chada qora kiyim va chang‘i niqobida yurgan.

Guvoh tomonidan chaqirilgan politsiya yigitni tintuv qilib, uning kamaridan pichoq topgan. Unga bir qancha moddalar, jumladan, noqonuniy qurol saqlash va niqob taqish haqidagi qonunini buzganlik bo‘yicha ayblovlar qo‘yildi.

Ofitserlarimiz niqobga qarshi qonun va boshqa omillardan foydalanib, talonchilik niyatida qurol olib yurgan odamni to‘xtatishga va so‘roq qilishga muvaffaq bo‘ldi”, — dedi Nasso okrugi boshlig‘i Bryus Bleykman o‘z bayonotida.

Avgust o‘rtalarida Nasso okrugida AQShda jamoat joylarida niqob taqishni taqiqlovchi birinchi qonun qabul qilingandi. Taqiq jamoat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan bo‘lib, yuzini yashirgan jinoyatchilarga qarshi kurashishni nazarda tutadi. Qoidabuzarlar bir yilgacha qamoq jazosi va ming dollar jarimaga tortilishi mumkin. Tibbiy va diniy sabablarga ko‘ra istisnolarga ruxsat beriladi.

 

Mavzuga oid