O‘zbekiston | 16:00 / 28.08.2024
9993
2 daqiqa o‘qiladi

Yerda 6 balli magnit bo‘roni kuzatilyapti

Iqlimshunoslar 28 avgust kuni kuzatilayotgan magnit bo‘roni prognoz qilinmaganini aytyapti. Magnit bo‘roni vaqtida jismoniy zo‘riqishdan qochish, dam olish va to‘g‘ri ovqatlanishga amal qilish tavsiya etiladi.

Bugun, 28 avgust kuni yerda 6 balli magnit bo‘roni kuzatilyapti. Bu haqda iqlimshunos Erkin Abdulahatov ma’lum qildi. Unga ko‘ra, bu kabi kutilma prognoz qilinmagan.

Magnit bo‘roni va uning salbiy ta’siridan qanday himoyalanish lozimligi haqida Oliy toifali shifokor Ra’no Nosirova ma’lumot berdi. Unga ko‘ra, magnit bo‘roni surunkali xastaliklarga chalingan insonlar salomatligiga salbiy ta’sir etishi mumkin. Ayniqsa, yurak-qon tomir, asab tizimi kasalliklari, qandli diabet va bronxial astma bilan og‘riyotgan bemorlar bu o‘zgarishlarni ko‘proq his etadi.

Shuningdek, odamlarda yorug‘lik va baland tovushlarga og‘riqli reaksiya, uyqusizlik yoki aksincha, uyquchanlik paydo bo‘ladi. Shu sababli magnit bo‘ronining salbiy ta’sirlaridan insonlar himoyalanishi lozim.

“Buning uchun, avvalo, to‘g‘ri ovqatlanish qoidalariga rioya qilish zarur. Ya’ni hazmi og‘ir taomlardan tiyilish, yengil yeguliklar, xususan, qaynatilgan ovqatlar, xo‘l meva va sabzavotlar iste’mol qilish tavsiya etiladi”, deb tavsiya qildi shifokor.

Quyosh chaqnashi, quyosh shamoli magnit bo‘ronlarini qanday yuzaga keltiradi va bu Yer, undagi odamlar uchun xavflimi degan savollarga bu yerdan batafsil ma’lumot olish mumkin.

Mavzuga oid