Jamiyat | 18:57 / 08.07.2023
21074
3 daqiqa o‘qiladi

Kuchli magnit bo‘ronlaridan himoyalanish usullari aytildi

Magnit bo‘ronlari tufayli arterial gipertoniya xastaligi bor odamlarda qon bosimi ko‘tarilib, aksincha gipotenziv bemorlarning qon bosimi pasayadi. Qandli diabet bilan og‘riyotgan kishilarning qonida qand miqdori ortadi.

Foto: Getty Images

8 iyuldan Yer sayyorasida o‘n to‘rt kun davom etadigan magnit bo‘ronlari kutilmoqda. Bundan ob-havoga sezgir insonlar ehtiyot bo‘lishi lozim, deb xabar berdi Sog‘liqni saqlash vazirligi.

Oliy toifali shifokor Ra’no Nosirova magnit bo‘roni va uning salbiy ta’siridan qanday himoyalanish lozimligi haqida ma’lumot berdi.

— Yerning magnit maydoni ta’siri odatda insonlarga sezilmaydi, —dedi mutaxassis. — Biroq ba’zan ushbu maydonda ayrim odamlar his etishi mumkin bo‘lgan tebranishlar kuzatiladi. Buning asosiy sababchisi quyoshdir. Quyosh faolligi kuzatilganda sayyoramizni magnit bo‘ronlari qoplaydi. Bu esa surunkali xastaliklarga chalingan insonlar salomatligiga salbiy ta’sir etishi mumkin. Ayniqsa, yurak-qon tomir, asab tizimi kasalliklari, qandli diabet va bronxial astma bilan og‘riyotgan bemorlar bu o‘zgarishlarni ko‘proq his etadi.

Shifokor so‘zlariga ko‘ra, magnit bo‘ronlari tufayli arterial gipertoniya xastaligi bor odamlarda qon bosimi ko‘tarilib, aksincha gipotenziv bemorlarning qon bosimi pasayadi. Qandli diabet bilan og‘riyotgan kishilarning qonida qand miqdori ortadi.

«Qolaversa, tananing stresslarga chidamliligi pasayadi. Oqibatda asab tizimi bilan bog‘liq muammosi bor insonlarda gormonlar ishlab chiqarilishi kuchayib, asabiylik, holsizlik, reaksiya susayishi yoki kuchayishi belgilari yuzaga keladi», dedi Nosirova.

Qayd qilinishicha, magnit bo‘ronlari payti ba’zi odamlarda yorug‘lik va baland tovushlarga og‘riqli reaksiya, uyqusizlik yoki aksincha, uyquchanlik paydo bo‘ladi. Shu sababli magnit bo‘ronining salbiy ta’sirlaridan insonlar himoyalanishi lozim.

«Buning uchun, avvalo, to‘g‘ri ovqatlanish qoidalariga rioya qilish zarur. Ya’ni hazmi og‘ir taomlardan tiyilish, yengil yeguliklar, xususan, qaynatilgan ovqatlar, xo‘l meva va sabzavotlar iste’mol qilish tavsiya etiladi», deb tavsiya qildi shifokor.

Shu bilan birga, kunlik taomnomada tuz miqdorini kamaytirish (chunki u qon bosimini oshiradi), jismoniy mehnatni cheklash, aqliy zo‘riqishlardan tiyilish maqsadga muvofiqligi aytildi.

Qolaversa, shu kunlari spirtli va energetik ichimliklardan mutlaqo voz kechgan ma’qul. Tez-tez iliq dush qabul qilish ham magnit bo‘ronining salbiy ta’sirini yengishga yordam beradi.

Surunkali kasalliklarga chalinganlar kerakli dori-darmonlarni o‘zi bilan olib yurishi, har bir preparatni shifokor nazoratida qabul qilishi va qon bosimini tez-tez nazorat qilib turishi lozim.

Mavzuga oid