Jahon | 18:41 / 29.08.2024
3010
2 daqiqa o‘qiladi

Yaponiyaga «Shanshan» to‘foni yopirildi

Rasmiylar mamlakat bo‘ylab 5 milliondan ortiq odamni evakuatsiya qilishni buyurdi.

Foto: AFP/Getty Images

«Shanshan» to‘foni Yaponiyaning janubi-g‘arbiy qismiga yopirilib, elektr tarmoqlarini ishdan chiqardi, havo qatnoviga to‘sqinlik qildi va yirik zavodlar ishini to‘xtatib qo‘ydi, deb xabar berdi Reuters.

Yaponiya rasmiylarining ta’kidlashicha, bo‘ron oqibatida kamida uch kishi halok bo‘ldi, o‘nlab odamlar jarohat oldi. Bu mintaqada qayd etilgan eng kuchli bo‘ronlardan biri bo‘lishi mumkin.

Toyota avtomobil ishlab chiqaruvchi barcha mahalliy zavodlarini yopdi, Nissan, Honda, chip ishlab chiqaruvchi Renesas va Tokyo Electron esa ba’zi zavodlarda ishni to‘xtatdi.

Milliy meteorologiya agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, tabiiy ofat hududida shamol tezligi 180 km/soatga yetgan. Yaponiyaning yetti prefekturasida 230 mingga yaqin xonadon elektr energiyasiz qoldi.

Sinoptiklar «Shanshan» hafta oxirigacha Kyusyu oroli uzra faol bo‘lishini, dam olish kunlari esa poytaxt Tokioga yaqinlashishini kutmoqda.

Rasmiylar mamlakat bo‘ylab 5,2 milliondan ortiq odamni evakuatsiya qilishni buyurdi.

Yaponiya aviakompaniyalari, jumladan ANA Holdings va Japan Airlines allaqachon 800 ga yaqin reysni bekor qilgan. Kyusyu orolining ko‘plab hududlarida poyezdlar qatnovi, shuningdek, avtobus va parom qatnovi to‘xtatildi.

«Shanshan» shu oyda Yaponiyaga yopirilgan ikkinchi to‘fondir. Avgust oyi boshida «Ampil» to‘foni ham bir qator prefekturalarni elektr energiyasidan mahrum qilgan, o‘n minglab odamlar evakuatsiyasiga sabab bo‘lgan edi.

Mavzuga oid