Jamiyat | 17:08 / 30.08.2024
6039
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentdagi Mulla Xolmirza ota masjidi zamonaviy ko‘rinishda qayta qurilmoqda

Poytaxtimizning Sho‘rtepa mahallasida joylashgan Mulla Xolmirza ota jome masjidi uzoq yillardan buyon ta’mirlanmasdan, jamoatni sig‘dira olmay qolgan edi.

Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumani Sho‘rtepa mahallasida joylashgan Mulla Xolmirza ota jome masjidi SSSR davrida qurilgan bo‘lib, so‘nggi marta 2010 yilda kapital ta’mirlangan.

Mahalla nuroniylarining aytishicha, eski masjidni kengaytirish esa imkonsiz bo‘lib qolgan. Shu bois ayni vaqtda Mulla Xolmirza ota jome masjidining yonginasida, yerto‘la qismi bilan qo‘shib hisoblaganda uch qavatli zamonaviy masjid barpo etilmoqda.

«Masjid binosi SSSR vaqtida turli tashkilotlari uchun bino bo‘lib xizmat qilgan. Keyinroq masjid o‘laroq ochilganida ham 400 atrofida odam masjid ichiga, yana shunchasi tashqari hovlida odam sig‘dira oladi, xolos. Kengaytirish uchun sharoit ham yo‘q, chunki ikki tarafida ham hovlilar bor. Qor-yomg‘irli kunlarda, juma kunlarida namozxonlar uchun juda qiyinchiliklar paydo bo‘lmoqda. Mashinalar uchun joy yo‘qligini gapirmasa ham bo‘ladi. Chunki, yo‘limiz ham juda tor», — deydi mo‘ysafidlardan biri.

Homiylik yo‘li bilan qurilayotgan yangi masjidda mahalla aholisining muammolariga yechim berilib, namozxonlarga juda ko‘plab qulayliklar yaratish reja qilingan.

«Xususan, yangi masjidimiz 3,5 ming atrofida namozxonlarga mo‘ljallangan bo‘lib, katta tahoratxona va avtomobillar qo‘yish joyi ham bo‘ladi. Shuningdek, nogironligi mavjud bo‘lgan shaxslar uchun tahoratga ham, namozga ham alohida imkoniyatlar qilinadi, biz ushbu xayrli ish ustida turganlar haqiga duodamiz», deydi masjid jamoati vakillari bo‘lgan mo‘ysafidlar.

Mavzuga oid