Sport | 22:15 / 01.09.2024
8190
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Paralimpiya chempionlari bilan telefon orqali suhbatlashdi

Prezident O‘zbekiston terma jamoasi hisobidagi oltin medallar sonini beshtaga yetkazgan yengil atletikachilar Elbek Sultonov, Yorqinbek Odilov va taekvondochi Asadbek Toshtemirovni samimiy qutladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Parijdagi Paralimpiya o‘yinlarida g‘alaba qozonib, O‘zbekiston terma jamoasi hisobidagi oltin medallar sonini beshtaga yetkazgan yengil atletikachilar Elbek Sultonov, Yorqinbek Odilov va taekvondochi Asadbek Toshtemirov bilan telefon orqali suhbatlashdi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zbekiston prezidenti o‘z nomidan va barcha yurtdoshlar nomidan sportchilarni samimiy qutlab, bu zafarlar eng aziz, eng ulug‘ bayram – Mustaqillik kuniga munosib sovg‘a bo‘lganini ta’kidladi. Paralimpiyachilar murosasiz bellashuvlarda ko‘rsatayotgan yuksak mahorat va metin iroda butun xalqimiz, ayniqsa, yoshlarni ruhlantirayotgani qayd etildi.

Prezident yigitlarning murabbiylari va ota-onasiga minnatdorlik bildirib, kecha sovrindor bo‘lgan sportchilarga ham salom va tabrik so‘zlarini yo‘lladi.

«Chempionlar har bir chiqishda davlatimiz rahbari va xalqimiz qo‘llovini his etganlarini ta’kidlab, yurtimizda paralimpiya harakati rivojiga qaratilayotgan e’tibor va yaratilgan sharoitlar uchun rahmat aytdilar», — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, kuni kecha Shavkat Mirziyoyev Fransiya poytaxti Parij shahrida o‘tayotgan Paralimpiya o‘yinlarida oltin medallarni qo‘lga kiritgan Asila Mirzayorova va Qudratulla Ma’rufxo‘jayev bilan telefon orqali muloqot qilgandi. Asila Mirzayorova uzunlikka sakrashda 5,22 metr natija qayd etib, salkam 30 yil oldingi paralimpiya rekordini yangiladi. Qudratulla Ma’rufxo‘jayev esa yadro uloqtirish bahsida g‘olib bo‘ldi.

Mavzuga oid