Jahon | 21:45 / 04.09.2024
7547
3 daqiqa o‘qiladi

Hindiston shimolida odamxo‘r bo‘rilar to‘dasi o‘nlab hujumlarni amalga oshirdi

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, odamlar va yovvoyi hayvonlar o‘rtasidagi ziddiyat iqlim inqirozi va yovvoyi tabiatning nobud bo‘lishi tufayli kuchaygan.

Foto: ANI News

Hindiston shimolida odamxo‘r bo‘rilar to‘dasi qishloqlar aholisini dahshatga solmoqda, deb xabar berdi The Independent. Yirtqichlar tunda shakarqamish dalalaridan chiqib, bolalarga hujum qilmoqda.

Uttar-Pradesh shtatida kamida 10 nafar bola halok bo‘ldi, dedi o‘rmon xo‘jaligi rasmiylari. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, odamlar va yovvoyi hayvonlar o‘rtasidagi ziddiyat iqlim inqirozi va yovvoyi tabiatning nobud bo‘lishi tufayli kuchaygan.

Ta’kidlanishicha, bo‘rilar to‘dasi 100 ga yaqin qishloq hududida kezib yuradi. Mahalliy aholi o‘zini hujumlardan himoya qila olmasligi vaziyatni yanada og‘irlashtirmoqda - ular yirtqichlar bemalol kirib kelishi mumkin bo‘lgan tomi somonli, eshiksiz uylarda tunaydi.

Birinchi hujum va bolaning yo‘qolishi 18 mart kuni qayd etilgan. Buning ortidan uch oylik sukunat kuzatilgan. 17 iyul kuni yana bir bola hujumga uchradi.

O‘rmon xo‘jaligi xodimlari suruv oltita bo‘ridan iborat ekanligini aniqladi. To‘rttasi tuzoqqa tushirildi, ammo ikkitasi ozodlikda qolmoqda.

«Teplovizor dronlar, kameralar, to‘rlar va o‘nlab odamlar kechayu kunduz shakarqamish dalalarini aylanib, bo‘rilarni izlamoqda. Biz ularni qishloqdan uzoqlashtirish uchun eng yaxshi texnologiyadan foydalanmoqdamiz», deb ta’kidladi mutaxassislar.

Bo‘rilarning hujumlari iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liqligi ta’kidlanmoqda. Kuchli yog‘ingarchilik tufayli mahalliy Ghaggar daryosi toshib ketgan. Yirtqichlar odatdagi yashash joylarini tark etishga majbur bo‘lgan. Ular an’anaviy o‘ljalarini yo‘qotib, odamlarning yashash joylariga kirib bormoqda.

Mutaxassislarning qayd etishicha, bunday hujumlar g‘ayrioddiy hol. Hindistonda odamxo‘r bo‘rilar bosqinining faqat uchta epizodi ma’lum. Ularning barchasi 1997 yildan 1999 yilgacha Uttar-Pradeshda sodir bo‘lgan.

Ammo kelajakda bu yana takrorlanishi mumkin. Hindistonda o‘sib borayotgan aholi yovvoyi tabiatga tobora ko‘proq tajovuz qilmoqda, odamlar va hayvonlar to‘qnashuvi ehtimoli ortib bormoqda.

Mavzuga oid