O‘zbekiston | 21:53 / 10.09.2024
34908
7 daqiqa o‘qiladi

“Bu balo qachon tugashini hech kim aytmayapti” - boysunliklar texnogen ofatdan aziyat chekmoqda

Boysundagi gaz konida sodir bo‘lgan texnogen falokat to‘g‘risida to‘qqiz kundirki, tayinli rasmiy ma’lumot berilmadi. Konga yaqin hududdagi qishloqlar aholisi nima qilarini bilmayapti. Kondan chiqayotgan zaharli gaz shamolning yo‘nalishiga qarab atrofdagi hududlarga tarqalishda davom etmoqda. Kun.uz muxbiri vaziyatni bilish uchun Boysunga bordi.

Surxondaryoga kirib borishingizdan Boysun tumani uzra turib qolgan g‘ubor ta’bingizni xira qiladi. Shamol salomatlik uchun zararli bu gazni qo‘shni Bandixon va Sherobod tumanlargacha uchirib kirmoqda ekan.

Boysundan 15 km narida joylashgan Kofrun – eng katta zarar ko‘rgan qishloqlardan biri. Chunki vodorod sulfid gazi otilib chiqayotgan kondan atigi 4 km shimolroqda joylashgan. Bu yerdan aholi ko‘chirilgan. Uyni qo‘riqlash itlarga qolgan. Mol-hollar ochiqda.

Ko‘chada uchratib qoladiganingiz – yakkam-dukkam odamlar ham mol-holidan xabar olish uchun kelib turibdi ekan.

Odamlar ochiqcha gapirishdan cho‘chishdi. Faqat nomini oshkor qilmaslik sharti bilan ayrim tafsilotlarini so‘zlab berishdi. Boisi – gaz koni va gazni qayta ishlash zavodini qurayotgan Eriell va Enter Engineering kompaniyalarida ishlayotganlar ham bor ekan. Ular e’tirozlari tufayli ishsiz qolishlari mumkinligini bildirishdi.

4 oydan beri maosh olganimiz yo‘q. Berib qolishar, deb umid qilyapmiz. Hozir biz o‘zimiz ishlab turgan joyga qarshi gapirsak ishdan ajralib qolishdan qo‘rqamiz, ochig‘i, aka. Bu yerlarda boshqa ishga kira olmasak”, – dedi ikkita yigit.

Biz Kofrun qishlog‘i ko‘chalarini kezganda, gaz atrofni chulg‘ab olmagan, vodorod sulfidning hidi taralmayotgan edi. Bemalol, qiynalmasdan nafas olish mumkin edi. Ammo kondan otilib chiqayotgan gazning ovozi 4 km masofagacha reaktiv samolyot motorining guvillashidek eshitilib turibdi.

Shamol biz tomon esganda keladi gaz. Umuman nafas olib bo‘lmay qoladi. Yosh bolalar, qariyalar, kasalvandlarni Boysunga yoki boshqa joylardagi qarindoshlarnikiga jo‘natib yuborganmiz. Gaz ko‘z va dimog‘ni achishtiradi, boshni og‘ritadi, ko‘ngilni aynitadi”, – dedi yana bir hamsuhbatimiz.

Qayd etish kerakki, ko‘pchilik yashab turgan joyini tark etgani uchun Kofrun qishlog‘ida maktab va bog‘chalar ishlamayapti. Do‘konlar ham yopiq.

Qishloq asosan chorvachilik ortidan kun ko‘radi. Chunki sug‘orish uchun suv yo‘q. 30 yilcha burun qurilgan Hangaronsoy suv ombori shu yil suv ko‘ribdi.

Boshqa bir suhbatdoshimizning aytishicha, qishloqda odamlar jon saqlash uchun mol-holini tashlab chiqqani uchun o‘g‘irliklar ham ko‘paygan.

Milliy gvardiya xodimlari dam-badam paydo bo‘ladi. Ular ham odam, buning sassig‘iga ular ham dosh bera olmaydi-da”, – deydi u.

Qishloqdagi yosh yigitlarning aytishicha, shamol qishloq tomon esishni boshlaganida mahallaning Telegram guruhida ogohlantirish beriladi va qolgan odamlar o‘z kuchlari bilan qishloqni tark eta boshlaydi. Chunki vodorod sulfid gaziga uzoq vaqt chidash qiyin.

Biz gaz otilib chiqayotgan joyning yaqinigacha bordik. Burg‘ilash minorasiga suv sepilyapti. Quvur chiqarilib gaz yoqib qo‘yilgan. Vahima bilan ovoz chiqargancha gaz otilib chiqmoqda. Kunduz kuni bu unchalik vahimali ko‘rinmaydi, biroq kechasi biroz qo‘rqinchli ko‘rinish oladi. Aynan shomga yaqin va kechroq tushirilgan tasvirlar internetda aylanmoqda.

Hattoki shu kon oldida ham palag‘da tuxumning yengilgina isi kelib turibdi. Keyin bilsak, o‘sha yerda shamol bizdan teskari tomonga esgan ekan.

Qaytayotib, konga yaqin somonzorda qo‘y boqib yurgan yigitga ko‘zimiz tushdi. U Kofrun mahallasi aholisining qo‘y-qo‘zilarini navbat bilan boqayotgan talaba yigitlardan biri ekan.

Mahallada qo‘y va mollar shu tartibda boqiladi. Ammo o‘sha yerda yashovchi onaxonlardan biri tovuqlarimiz nobud bo‘ldi, mollarimiz ham sekin-asta yemishdan qolmoqda, dedi.

Olti kundan beri bola chaqalarim, nevaralarim bilan Boysundagi qarindoshlarimnikida jon saqlayapman. Molim uchun kelib xabar olaman, deb kelib turgan joyim. Hech kim yordam bergani yo‘q. Bu balo qachon tugashini ham aytgani yo‘q. Hamma sarson bo‘lib qoldi-da. Faqat chiqib ketinglar zudlik bilan deb qolishadi. Borgan bilan birovning uyida sig‘indi bo‘lib yashash osonmas-da”, — dedi nomini oshkor qilmaslikni astoydil tayinlagan onaxon.

Og‘iz-burniga qora matodan qo‘lbola niqob taqib olgan yana bir onaxon borayotganimizni ko‘rib, suhbatlashishni istamasdan eshigini yopib oldi.

Sinfdoshlar pul yig‘ib, kollej va maktablarning sport zallariga ko‘chirilgan qishloqdoshlarimizga oziq-ovqat bozor-o‘char qilib tashlab kelyapmiz. Hech kim yordam bergani yo‘q bu borada ham. Odamlarda pul yo‘q axir”, — deydi yigit.

Odamlar bilan gaplashib turganimizda o‘sha mash’um gaz qishloq uzra yopirildi va bir bir muddat odamlar bir haftadan ziyodroq vaqt davomida nimalarni boshdan kechirayotganini o‘z tanamizda his qilib ko‘rdik.

Palag‘da tuxumning qo‘lansa hidi keladigan achqimtir gaz darhol ko‘ngilni aynitadi. Ko‘zlaringiz va dimog‘laringiz achisha boshlaydi. Kimlardadir bu qayt qilish reflekslarini qo‘zg‘ashi aniq. Hamrohlarimizning barchasining boshiga og‘riq kirdi.

Bir so‘z bilan aytganda – shamol yo‘nalishiga qarab o‘zgarib turadigan, “ochiq osmon ostidagi Osvensim”.

Bu gazni jilovlashning tezroq biror yo‘li topilmasa, ko‘p o‘tmasdan Boysun istiqomat uchun yaroqsiz hududga aylanib qolishi mumkin. Odamlar, bolalar sog‘ligini saqlash uchun ularga jiddiyroq yordam berish kerak.

Shuhrat Shokirjonov,
Jahongir Aliboyev,
Kun.uz

Mavzuga oid