Jahon | 15:34 / 10.09.2024
1398
3 daqiqa o‘qiladi

Polsha Rossiya va Belarus hakerlarining qo‘shma diversiyasini to‘xtatib qoldi

Polsha bosh vaziri o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, kiberjinoyatchilar guruhi «ma’lumot olish, shaxslar va tashkilotlarni shantaj qilish» maqsadida bo‘lgan.

Foto: Getty Images

Polsha huquq-tartibot idoralari Rossiya va Belarus o‘rtasida Polshadagi barqarorlikni buzishga qaratilgan qo‘shma qo‘poruvchilik operatsiyasini tayyorlagan hakerlar guruhini fosh qildi. Bu haqda Varshavada 9 sentabr, dushanba kuni mamlakat bosh vaziri o‘rinbosari, raqamlashtirish vaziri Kshishtof Gavkovskiy ma’lum qildi. Unga ko‘ra, Belarus hududidan faoliyat olib borgan hakerlar Polsha davlat idoralari va harbiy buyurtmalarni bajaruvchi davlat kompaniyalari resurslariga buzib kirishgan.

Kiberjinoyatchilarning vazifalari orasida «ma’lumotni tovlamachilik yo‘li bilan olish, shaxslar va tashkilotlarni shantaj qilish, shuningdek, haqiqiy kiberurush olib borish» bo‘lgan, dedi vazir. Misol tariqasida u Polshaning antidoping agentligi POLADA’ga hakerlar hujumini keltirdi. 

Kshishtof Gavkovskiy guruhda qancha odam borligi, shuningdek, qo‘lga olinganlar soniga aniqlik kiritmadi. Uning qo‘shimcha qilishicha, yil boshidan buyon 400 mingta ehtimoliy kiberhujumlar qayd etilgan, bu butun 2023 yildagidan (370 ming) sezilarli darajada ko‘p. 

Germaniya kontrrazvedkasi Rossiyadan kiberhujumlar xavfi haqida ogohlantirdi

Germaniyada demokratik qonun ustuvorligiga tahdidlarni kuzatish va kontrrazvedka faoliyatini o‘z ichiga olgan Konstitutsiyani himoya qilish federal idorasi Rossiyaning Yevropa Ittifoqi davlatlari va NATO obektlariga hakerlik hujumlari tahdidi haqida ogohlantirdi. Tegishli ogohlantirish 9 sentabr kuni idora saytida chop etilgan xabarda keltirilgan.

Unda aytilishicha, idora xalqaro hamkorlar bilan birgalikda Rossiya qurolli kuchlari bosh shtabi bosh boshqarmasining (ilgari "GRU" nomi bilan mashhur bo‘lgan ) 29155-bo‘linmasi tomonidan kiberhujumlarning hozirgi tahdidi haqida ogohlantiradi. Shuningdek, postda Konstitutsiyani himoya qilish federal idorasi Amerika razvedka idoralari bilan birgalikda Rossiyaning butun dunyo bo‘ylab kiberfaoliyati haqida ma’lumot beruvchi 5 sentabrdagi xabarga havola ham mavjud.

Hisobotda, shuningdek, 29155-bo‘linmaning qo‘poruvchilik harakatlari va qotillikka urinishda ishtirok etgani ma’lum qilingan. Bu bo‘linma, boshqa narsalar qatorida, 2018 yilda ikki tomonga ishlagan agent Sergey Skripalni zaharlashda ayblanmoqda. "GRU" polkovnigi Skripal Britaniya razvedkasiga o‘tib ketgan, fosh etilgan va 2010 yilda josuslar almashinuvining bir qismi sifatida qo‘yib yuborilgan.

Mavzuga oid