Fan-texnika | 18:35 / 12.09.2024
15058
2 daqiqa o‘qiladi

2024 yilda dunyoda eng ko‘p sotilgan avtomobillar o‘ntaligi ma’lum qilindi

An’anaviy mashinalardan farqli o‘laroq elektromobillar jahon reytingida shiddat bilan yetakchi o‘rinlarni egallamoqda.

Foto: Tesla

2024 yilda dunyodagi eng ko‘p sotilgan avtomobillar reytingiga ko‘ra, Tesla Model Y bozorda yetakchilikni saqlab qolmoqda, undan keyingi o‘rinlarni Toyota Corolla va Toyota RAV4 egallagan.

Focus2move agentligida e’lon qilingan hisobot 162 ta davlatda yengil va tijoriy avtomobillar sotuvi ma’lumotlariga asoslangan. An’anaviy mashinalardan farqli o‘laroq elektromobillar jahon reytingida shiddat bilan yetakchi o‘rinlarni egallab kelmoqda. Bunga avtomobilsozlik sanoati elektrlashtirish yo‘nalishida ko‘proq rivojlanayotgani sabab bo‘lmoqda.

2024 yil avgust holatiga ko‘ra, Tesla Model Y 785 591 ta (+1,9 foiz) yangi sotuv bilan eng ko‘p sotilgan avtomobillar reytingida birinchi o‘rinda turibdi.

Ikkinchi o‘rinni Toyota Corolla egalladi — 741 982 ta yangi sotuv (+3,8 foiz).

Uchinchi o‘rin ham Toyota brendiga tegishli bo‘lib, Toyota RAV4 modelidan yana 673 050 ta avtomobil sotilgan (+19,5 foiz), undan keyin 572 062 ta sotuv bilan Ford F-Series (5,9 foiz pasayish) joylashdi.

5-o‘rinni Chevrolet Silverado egalladi — 486 143 ta yangi sotuv (+15,5 foiz). Yaponiya brendiga tegishli Honda CR-V modeli esa 481 622 ta (+11,3 foiz) yangi sotuv bilan 6-o‘rinni, bir pog‘ona pastlagan Hyundai Tucson 391 813 ta (-2,5 foiz) sotuv bilan yettinchi o‘rinni egalladi.

Sakkizinchi o‘rinda Toyota Camry turibdi. 360 398 ta yangi avtomobil sotilgan (- 11,2 foiz). To‘qqizinchi o‘rin Toyota Hilux modeliga (354 051 ta yangi sotuv, -7,8 foiz), o‘ninchi o‘rin esa Kia Sportage’ga nasib qildi (351 128 ta yangi sotuv, +4,9 foiz).

Mavzuga oid