Jamiyat | 13:43 / 12.09.2024
33238
10 daqiqa o‘qiladi

«Bir kunda onamdan va bolamdan ayrildim, xotinim aqldan ozdi» – kimningdir noqonuniy ishi oqibatlari (hayotiy hikoya)

«Onam va bolamni yo‘lakka olib chiqqan paytimizda xotinim kelib qoldi va holatni ko‘rib qichqirgancha hushidan ketdi. Tez yordam mashinasi bilan kelgan shifokorlardan biri darhol onam yotgan zambilni menga tutqazdi va xotinimga yordamga shoshildi. Qiyomat qo‘pganday edi».

Foto: Kun.uz

«Hayotiy hikoyalar» turkumidan berilayotgan navbatdagi hikoyamiz qahramoni bundan bir necha yil avval kimningdir noqonuniy ishi tufayli og‘ir holatga tushib qolgan. O‘shanda uning bolasi va onasi halok bo‘lgan, xotini esa aqldan ozgan.

U o‘z maktubida og‘ir kechgan hayoti va o‘sha mash’um kun tafsilotlarini yozib yuboribdi.

«Otam bolaligimda vafot etgandan so‘ng meni onam yolg‘iz o‘zi tarbiyalagan. Meni o‘ksinmasin deb onam boshqa turmush qurmagan. Eslayman, yoshligimda onam «bolam tengqurlaridan kam bo‘lmasin», deb bir nechta joyda ishlardi.

Otasiz o‘sgan bo‘lsam ham, yomon bolalarga qo‘shilmadim, ayrimlarga o‘xshab bezori bo‘lib ketmadim. Onamning men uchun zahmat chekib ishlayotganini bilib turardim. Shu sababli maktabda a’lo baholarga o‘qidim. Xulqim ham yaxshi edi.

Onamga yengilroq bo‘lsin deb yozgi ta’tilda «O‘rikzor», «Ippodrom» va boshqa bozorlarga chiqib sharbat, suv sotardim. Shu yo‘l bilan pul ishlab maktab uchun kiyimlarni o‘zim olardim.

Maktabni bitkazgach, ikki yil urinib, o‘qishga kira olmadim. Shundan so‘ng avvaliga u, bu ishlarni qilib yurdim. Keyin «O‘rikzor»dagi bir do‘konga shogird bo‘ldim. Bu orada uylandim.

Do‘konda shogird bo‘lib yurgan kunlarimda oyligim yaxshi edi va onam ishdan bo‘shab ta’tilga chiqdi. O‘ziga qolsa, ishdan bo‘shamoqchi emasdi, biroq men uni shunga majburladim.

Esimda, onam meni uylantirish uchun ko‘p xonadonlarning eshigini taqillatib borgan, biroq «otasiz o‘sganga qiz bermaymiz», deb ko‘pchilik rad etgan. Oxirida bir xonadon rozi bo‘lgan. Bilsak bo‘lajak qaynotam ham otasiz o‘sgan va buning mashaqqatlarini boshidan o‘tkazgan inson ekan.

Uylanganimdan so‘ng bir yil o‘tib o‘g‘il farzandli bo‘ldim. Bolamiz bir yoshga kirgach, harna ro‘zg‘orga yordam bo‘lar, deb xotinim ham ishga chiqib ketdi. O‘g‘limizga onam qaray boshladi.

O‘shanda onam o‘g‘limni eplay olarmikan degan xavotir bor edi. Bu haqda onamga aytgan edim, urishib berdi: «Bolam, kuni bilan bekor bo‘lsam. Bitta bolaga qarash nima bo‘libdi?!

Savdoning past-balandlarini bilib olgach bir necha yildan so‘ng ustozimdan fotiha olib, o‘zim do‘kon ochib, oziq-ovqat mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullana boshladim.

Hayotimiz bir maromda davom etar, mendan baxtli odam yo‘q edi. Agar o‘sha paytda kimdir «Yaqinda boshingga ulkan sinovlar yog‘iladi va qochgani joy topa olmay qolasan», desa ishonmasdim.

O‘sha mash’um kunni yaxshi eslayman. Ertalab onam, xotinim va o‘g‘lim birgalikda nonushta qildik. Onam va xotinim bilan yaxshi kayfiyatda xayrlashib ishga ketdim. Tushgacha savdo ham yaxshi bo‘ldi.

Tushdan so‘ng soat ikkilar edi chamamda, notanish raqamdan qo‘ng‘iroq bo‘ldi. Ko‘tarsam kimdir «Qo‘shningizman, tez uyingizga yetib keling», dedi va telefonni o‘chirdi.

O‘sha paytda ko‘nglimdan nimalar o‘tganini hozir tasvirlab bera olmayman. Eng avval xayolim onamga ketdi. Mazasi bo‘lmaganmikan? Keyin bolamga nimadir qildimikan deb o‘yladim.

Uyga qanday yetib borganimni eslay olmayman. Ko‘p qavatli uyda yashardik, yo‘lakda tez yordam va ichki ishlar xodimlariga tegishli mashina turibdi.

Yugurib ikkinchi qavatga ko‘tarildim. Uyimiz eshigi ochiq, yo‘lakda qo‘shnilar ko‘rinishdi. Tez yordam va ichki ishlar xodimlari ichkarida ekan.

Uyga kirsam onam va bolamni bir chetga yotqizib qo‘yishgan, tez yordam xodimlari ularni olib ketish uchun nosilkaga olishayotgan ekan. Dod degancha onamga yopishdim.

Onam va bolamni yo‘lakka olib chiqqan paytimizda xotinim kelib qoldi va holatni ko‘rib qichqirgancha hushidan ketdi. Tez yordam mashinasi bilan kelgan shifokorlardan biri darhol onam yotgan zambilni menga tutqazdi va xotinimga yordamga shoshildi. Nazarimda, qiyomat qo‘pganday edi.

Onam va bolamni tez yordam mashinasiga, xotinimni qo‘shnilardan birining mashinasiga ortib shifoxonaga olib bordik. Yetib borgach, ularni ichkariga olib kirib ketishdi.

Ko‘p o‘tmay shifokorlardan biri chiqdi «ayol va bolaning qarindoshlari bormi?» deb so‘radi. Men o‘g‘illariman, deb borgandim, «Uka, Alloh sabr bersin. Onangiz va bolangiz uyingizdayoq jon berib bo‘lishgan ekan. Onaxon yurak xurujiga uchragan va ko‘tara olmay jon bergan. Bolangizni esa tok urgan».

O‘sha paytda men uchun hammasi tugab bo‘ldi, deb o‘yladim. Bolamdan ham ko‘ra onamdan ayrilganim yomon ta’sir qildi.

Xotinimni shifoxonada olib qolishdi. Men onam va bolamning jasadini uyga olib keldim. Ertasi kuni janoza bo‘ldi. Onam va bolamni qabrga qo‘yib keldik.

Men bolamni tok qanday urganini o‘ylardim. Hali ikki yoshga yetmagan bolam rozetkaga u, bu narsani tiqqan bo‘lsami? O‘ylab o‘yimga yeta olmasdim.

Qayg‘uga botib o‘tirar ekanman, bir narsani aniq bilib turardim. Onam bolamni tok urganiga ta’sirlangan va yurak xurujiga uchragan.

Janoza o‘tganidan so‘ng uyni batafsil tekshirdim, rozetkalar bola qo‘li yetmaydigan joyda joylashganini ko‘rdim. Elektr jihozlarga ham teginilmagan. Bolamni tok qanday urgan bo‘lsa?

Bu orada shifoxonaga chaqirishdi. Borsam xotinim aqldan ozgan ekan, meni ham tanimadi. Shifokorlar barcha hujjatlar rasmiylashtirilganini, uni ruhiy kasallar shifoxonasiga o‘tkazishlarini aytishdi.

Kelajakda tuzalishi mumkin, uyga olib ketay desam shifokorlar u faqat farzandini so‘rayotganini, uyga qaytsa ham dardi yengillashmasligini aytishdi, noiloj rozi bo‘ldim.

«To‘g‘ri tushuning, siz xotiningizning yonida yigirma to‘rt soat bo‘la olsangiz ham uyga javob bera olmaymiz. Ayolda kuchli ruhiy zo‘riqish bor va u shu holida istalgan ishni qilishi mumkin. Shu uchun uni ruhiy kasallar shifoxonasiga jo‘natishdan boshqa choramiz yo‘q», deyishdi.

Oradan bir necha kun o‘tgach ichki ishlar xodimlari kelishdi va holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini aytishdi. Hayron bo‘ldim, nega jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi. Onam va bolamni kimdir o‘ldirganmi?

Ichki ishlar xodimi savolimga «Katta ehtimol bilan shunday» dedi. So‘ng uyimga boshlab kirdi va shifokorlarning xulosasida bolamni tok tilidan urgani yozilganini aytdi.

«Hodisa sodir bo‘lgan kuni bizning xodimlarni shifokorlar chaqirgan. Ular uyingizga kirgan paytda bolangiz mana bu yerda, isitish batareyasining oldida yotgan ekan. Shifokorlar bolangizni tok urganini ko‘rib batareyani ushlab ko‘rishgan va unda tok borligini bilishgan. Qo‘llari quruq bo‘lgani uchun tok ularni qattiq urmagan. Bolangiz nam tili bilan batareyani yalagani uchun tok qattiq urgan. Organizm kuchsiz bo‘lgani uchun u jon bergan. Katta ehtimol bilan onangiz bolani o‘sha holda ko‘rgan va ta’sirlanib yurak xurujiga uchragan».

Ichki ishlar xodimlarining bu gapidan so‘ng hayratim oshdi va batareyada tok qayerdan ulanib qolganini so‘radim.

«Ayrim noinsoflar bor, arzimagan pul uchun elektr hisoblagichni orqaga qaytarish maqsadida qo‘lbola uskunadan foydalanadi. Ana shu uskunadan chiqqan simning biri hisoblagichga, ikkinchi uchi isitish batareyasiga ulanadi. Shunda hisoblagich orqaga qarab aylanadi va undan chiqqan tok bitta yo‘lakda joylashgan barcha xonadonlarga o‘tib boradi. Biz bu ishni qilgan odamni qidirib topa olmadik. Uskunani tepa va pastdagi qavatlarda yashovchilar ulagan bo‘lishi ham mumkin. Barchanikiga kirib chiqdik, lekin hech qanday iz yo‘q. Aftidan, bolangiz va onangiz bilan sodir bo‘lgan hodisa shov-shuv bo‘lgach shu ishni qilgan odam darhol uskunani yo‘q qilgan».

Ichki ishlar xodimlarining bu gapidan so‘ng o‘zimcha yo‘lagimizda kim shu ishni qilgan bo‘lishi mumkinligi bilan qiziqib ko‘rdim, qo‘shnilardan surishtirdim, biroq topa olmadim.

Shu tariqa kimningdir o‘ylamasdan qilgan noqonuniy ishi ortidan onam va bolamdan ayrildim. Bu hodisaga ham bir necha yil bo‘ldi.

Xotinim esa o‘shandan buyon ruhiy kasalliklar shifoxonasida saqlanadi. Har-har zamonda uni ko‘rgani boraman, biroq meni tanimaydi. Doim bir gapni qaytaradi – «bolamni topib beringlar».

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid