Jahon | 12:30 / 17.09.2024
2009
5 daqiqa o‘qiladi

Shols Qozog‘istonda hamkorlikni kuchaytirish rejalari haqida ma’lum qildi

Germaniya Qozog‘istondan neft sotib olishni davom ettirmoqchi va mintaqa bilan iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlamoqchi. To‘qayev bilan uchrashuvda Shols Ukrainadagi urush haqida ham so‘radi, bunga javoban Qozog‘iston prezidenti Rossiya Federatsiyasini «yengilmas» deb atadi.

Foto: akorda.kz

Germaniya kansleri Olaf Shols Ostonaga tashrifi chog‘ida Qozog‘iston bilan yaqinroq iqtisodiy hamkorlik qilish istagini bildirdi. «Biz xomashyo almashinuvimiz yaxshi ketayotganidan juda mamnunmiz», dedi Germaniya hukumati rahbari 16 sentabr, dushanba kuni Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev bilan uchrashuvda. Shols, ayniqsa, Markaziy Osiyoning ushbu mamlakatidan Shvedt shahridagi PCK Raffinerie neftni qayta ishlash zavodida iste’molning 20 foiz​​dan ortig‘ini ta’minlovchi neft yetkazib berish ishonchli tashkil etilganini ta’kidladi.

Bundan tashqari, Shols Ostona bilan transport va logistika sohasida hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, savdoni kengaytirishga ko‘maklashish rejalarini ma’lum qildi. Shu bilan birga, uning ta’kidlashicha, Berlin Yevropa Ittifoqining Ukrainaga qarshi boshlagan urushi tufayli Rossiyaga qo‘ygan sanksiyalarini chetlab o‘tish uchun xalqaro savdodan foydalanishga yo‘l qo‘ymaslik niyatida.

Qozog‘iston Germaniyaga neft eksport qilish bo‘yicha Norvegiya va AQShdan keyin uchinchi o‘rinda turadi va Germaniyaga yetkazib berilayotgan neftning umumiy hajmidagi ulushi 11,7 foizni tashkil qiladi. Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi boshlanganidan so‘ng, Qozog‘iston Rossiya xomashyosining yo‘qotilishini qisman qopladi, shu jumladan, ilgari Rossiya Federatsiyasidan xaridlarga bog‘liq bo‘lgan va qiyinchiliklarni boshdan kechirayotgan Shvedt neftni qayta ishlash zavodiga yetkazib berish orqali. Tashrif chog‘ida Shols va To‘qayev Germaniyaga qozoq xomashyosi eksportini oyiga 100 ming tonna hajmda uzaytirish, shuningdek, ushbu yetkazib berish hajmini oshirishga kelishib olishi kutilmoqda.

Shols Ukrainadagi urush haqida so‘radi, To‘qayev RFni «yengilmas» deb atadi

«KazTAG» agentligi xabariga ko‘ra, uchrashuv chog‘ida Germaniya kansleri To‘qayevdan Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini hal qilish imkoniyatlari haqida gapirishni so‘ragan. Qozog‘iston prezidenti bunga javoban «Rossiya harbiy jihatdan yengilmas» ekanini ta’kidlab, avvaliga harbiy harakatlarni to‘xtatishni, «keyin hududiy masalalarni muhokama qilishga o‘tishni» taklif qildi.

«Qozog‘iston Rossiya bilan dunyodagi eng uzun quruqlik chegarasiga ega, mamlakatlarimiz o‘rtasida strategik sheriklik va ittifoqchilik doirasidagi hamkorlik rivojlanmoqda», — dedi To‘qayev va «Qozog‘iston Ukraina xalqiga chin dildan hamdard» ekani, Kiyev va Ostona o‘rtasida hech qachon kelishmovchiliklar bo‘lmaganini qo‘shimcha qildi.

To‘qayev, shuningdek, Xitoy va Braziliya «tinchlik rejasi»ni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Avvalroq Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Braziliya va Xitoyning takliflarini salbiy deb atagan edi. «Siz bizdan hech narsa so‘ramasdan qanday qilib o‘z tashabbusingizni taklif qila olasiz?» - deb ta’kidladi Zelenskiy.

To‘qayevning jurnalistlar bilan suhbatida aytgan so‘zlarini sharhlar ekan, Shols shunday dedi: «Menga ayonki, bu Ukrainaga doimiy tajovuzkorlik bilan hujum qilayotgan Rossiyaning hozirgi harakati kabi ishlamaydi. Aynan Rossiya nafaqat urushni boshladi, balki uni davom ettiryapti va agar u o‘z tajovuzini to‘xtatsa, har qanday vaqtda urushni tugatishga hissa qo‘shishi mumkin».

Sholsning Markaziy Osiyoga tashrifi

Qozog‘istonda Olaf Shols, shuningdek, Markaziy Osiyoning besh respublikasi: O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Turkmaniston rahbarlari bilan «S5+1» formatidagi sammitda ishtirok etishi kutilmoqda.

Avvalroq DW bilan suhbatda ekspertlar uchrashuvda asosiy urg‘u mintaqa bilan iqtisodiy aloqalarni yaxshilashga qaratiladi, deb taxmin qilishgan edi. Shu sababli, Germaniya hukumati xabar qilganidek, Markaziy Osiyoga safarida kanslerga «katta va yuqori martabali iqtisodiy delegatsiya» hamrohlik qilmoqda.

15 sentabr kuni Shols va Germaniya ichki ishlar vaziri Nensi Fezer O‘zbekistonga tashrif buyurib, prezident Shavkat Mirziyoyev bilan migratsiya shartnomasini imzoladilar. Ushbu kelishuv O‘zbekiston fuqarolarining Germaniyaga qonuniy migratsiyasini soddalashtirishi va Germaniyada noqonuniy bo‘lganlarni chiqarib yuborishga yordam berishi kutilmoqda. Bundan tashqari, OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Berlin toliblar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri kelishuvlarsiz, qochqinlik maqomiga ega bo‘lmagan afg‘onlarni O‘zbekiston orqali o‘z vataniga yuborish imkoniyatini qo‘lga kiritish maqsadida Toshkent bilan muzokaralar olib borgan.

Mavzuga oid