Germaniya Federativ Respublikasining sobiq kansleri Olaf Şols juma kuni, 21 noyabrda, Meklenburg – Old Pomeraniya federal yeri landtagi (parlamenti)ning tergov komissiyasi oldida körsatma berdi. U bahsli «Şimoliy oqim–2» gaz quvurini barpo etiş böyiça holatlarni aniqlaş maqsadida guvoh sifatida söroq qilindi.

Deputatlarni eng köp qiziqtirgan savol – federal hukumat 2021 yilda Meklenburg – Old Pomeraniya landtagi tomonidan tuzilgan Iqlim va atrof-muhitni himoya qiliş fondi (Klima- und Umwelschutz MV)ni yaratişda qanday rol öynagani böldi. AQŞ sanksiyalari tahdidiga qaramay, aynan şu fond yordamida Rossiyadan Germaniyaga Boltiq dengizi tubi orqali ötuvçi «ŞO–2» qurilişi yakunlangan edi.

Şverin qasrida — landtag binosida jurnalistlar va kuzatuvçilar huzurida sözga çiqqan Şols savollarga qisqa javob berib, köp hollarda tafsilotlar yodida yöqligini aytib ötdi. Sobiq kanslerning sözlariga köra, u fond taşkil etiş ğoyasini şunçaki «ma’lumot uçun qabul qilgan», lekin bu masalaga aralaşmagan, çunki u mahalliy hukumatning vakolatiga kirgan.

«Biz buni doim mahalliy hukumatning işi, deb hisoblaganmiz», — deya ta’kidladi Şols. Uning aytişiça, 2020 yil noyabrida, fond taşkil etilişidan ikki oy oldin, Meklenburg – Old Pomeraniya yerining boş vaziri Manuela Şvezig unga qönğiroq qilib, fond tuzilayotgani haqida, şuningdek u landtagda Xristian-demokratik ittifoq (XDI) va Söllar partiyasi tomonidan keng qöllab-quvvatlanayotganini ma’lum qilgan. «Biz buni ma’lumot sifatida qabul qildik», — dedi GFR sobiq hukumat rahbari.

Şu bilan birga, Şolsning aytişiça, u fond kimning — mahalliy hukumat yoki gaz quvuri operatori Nord Stream AG kompaniyasining taşabbusi ekanini bilmaydi. Siyosatçining ta’kidlaşiça, u Şvezig bilan muntazam muloqotda bölgan, ular döstona aloqalarni saqlab keladi, ammo «Şimoliy oqim–2» va fond haqida atrofliça suhbatlaşmagan.

Şu orada Germaniyaning sobiq kansleri ilk bor omma oldida 2020 yil avgust oyida AQŞ hukumatiga maktub yöllaganini tan oldi. Uşbu maktubda Şols, öşanda moliya vaziri lavozimida işlab, amerikalik hamkasbi Stiven Mnuçinga Berlin taklifi haqida ma’lum qilgan: u AQŞdan suyultirilgan tabiiy gaz (STG) import qiliş uçun Germaniyada terminallar barpo etişni taklif etgan, bunga javoban esa «Şimoliy oqim–2»ga nisbatan sanksiyalarni bekor qiliş şart qilib qöyilgan.

«Maktub, çindan ham, bölgan», — dedi Şols. Uning tuşuntirişiça, u ança vaqtdan beri energetik xavfsizlikni ta’minlaş maqsadida STG-terminallar quriş tarafdori bölib kelgan. Şu bilan birga, Şols özi maktubning yagona muallifi emasligini, uni tayyorlaşda federal kansler apparati ham qatnaşganini qayd etdi.