Jahon | 13:00 / 18.09.2024
2798
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya elchisi: AQSh bilan qurol nazorati bo‘yicha muloqot imkonsiz

Anatoliy Antonovning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlarining Kursk oblastidagi hujumi fonida hech qanday muloqot, hatto dastlabki muloqot ham mumkin emas.

Anatoliy Antonov Foto: Yevgeniya GUSeVA

Ukrainadagi urush fonida Rossiya va AQSh o‘rtasida qurol nazorati bo‘yicha muloqot imkonsiz. Bu pozitsiyani Rossiyaning Vashingtondagi elchisi Anatoliy Antonov aytdi. Uning so‘zlarini 17 sentabr, seshanba kuni Rossiya OAV keltirgan.

«Ukraina inqirozi, jumladan, Kursk oblasti va Rossiya hududiga chuqur masofaga mo‘ljallangan uzoq masofali tizimlardan foydalanish bo‘yicha potensial qarorlar atrofida sodir bo‘layotgan voqealar fonida hech qanday muloqot, hatto dastlabki muloqot ham mumkin emas», dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Moskva «umuman xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyatning yomonlashuvi va xususan, Rossiya-Amerika munosabatlarining umumiy kontekstidan strategik masalalarni olib tashlash imkoniyatini» qat’iy rad etadi.

Tomahawk'ni Germaniyada joylashtirish

Avvalroq, 10 iyul kuni Qo‘shma Shtatlar Rossiyani tiyib turish uchun NATO bo‘yicha yevropalik hamkorlarini himoya qilish choralarini kuchaytirishi ma’lum bo‘lgan edi. Xususan, Tomahawk qanotli raketalari va boshqa uzoq masofaga uchuvchi qurollar 2026 yildan boshlab Germaniyada vaqtincha joylashtiriladi.

Vashingtondagi NATO sammiti arafasida e’lon qilingan AQSh-Germaniya qo‘shma bayonotida, shuningdek, SM-6 zenit raketalari va «Yevropadagi mavjud yerosti tizimlaridan sezilarli darajada kattaroq masofaga ega» gipertovushli qurollarning yangi turlari tilga olingan. Shuning uchun Germaniya sovuq urushdan beri birinchi marta Rossiya hududiga yetib bora oladigan qurol tizimlarini qabul qiladi.

Tomahawk qanotli raketalari, xuddi Germaniyaning TAURUS raketalari kabi, past-balandliklarda dushman hududiga chuqur kirib borish va qo‘mondonlik markazlari, bunkerlar va radarlar kabi muhim nishonlarni yo‘q qilishga qodir. Tomahawk kemalar va suvosti kemalaridan, TAURUS - samolyotlardan uchiriladi.

Berlin Rossiyaning 2019 yilda O‘rta va uzoq masofali raketalarni yo‘q qilish shartnomasidan chiqishiga javob sifatida Amerikaning o‘rta masofali raketalarini Germaniyada joylashtirish masalasini ko‘rib chiqmoqda.

Mavzuga oid