Fan-texnika | 21:48 / 18.09.2024
5815
2 daqiqa o‘qiladi

Xiaomi smartfon ishlab chiqarish bo‘yicha Apple kompaniyasini ortda qoldirdi

Birinchi o‘rinni Samsung egallab turibdi.

Foto: nextpit

Xitoyning Xiaomi kompaniyasi so‘nggi 8 oy ichida Apple korporatsiyasini ortda qoldirib, dunyodagi ikkinchi yirik smartfon ishlab chiqaruvchisi bo‘ldi. Samsung birinchi bo‘lib qolmoqda. Bu haqda Counterpoint Research tadqiqot agentligi hisobotida qayd etilgan.

Xitoy kompaniyasining sotuvlari ushbu davr mobaynida barqaror saqlanib qoldi, Apple esa mavsumiy pasayishni boshdan kechirdi. Bundan tashqari, Xiaomi 2022-2023 yillarda yuzaga kelgan ta’minot zanjiridagi muammolarni yengishga muvaffaq bo‘ldi, bu esa ishlab chiqarish hajmini oshirdi.

Shu bilan birga, Xiaomi 2024 yil birinchi yarmida eng tez rivojlanayotgan brendlardan biriga aylandi. Hisobotda aytilishicha, uning savdosi yiliga 22 foizga oshgan.

Mutaxassislarning fikricha, korporatsiya muvaffaqiyatiga har bir narx oralig‘ida yuqori sifatli smartfonlar yaratish va hamyonbop narxda flagmanlar ishlab chiqarish istagi ta’sir qilgan. Bu Hindiston, Lotin Amerikasi, Janubi-Sharqiy Osiyo, Yaqin Sharq va Afrikada savdo hajmining oshishiga olib keldi.

Agentlik, shuningdek, 2024 yil ikkinchi choragida narxi 150 dollargacha (≈1,9 mln so‘m) bo‘lgan eng yaxshi smartfonlarni e’lon qildi. Arzon narxli telefon bozorining 4,1 foizini egallagan Redmi 13C 4G modeli yetakchi bo‘ldi. Keyingi o‘rinlarda Samsung Galaxy A05 va Galaxy A15 4G.

Mavzuga oid