O‘zbekiston | 16:37 / 20.09.2024
2574
3 daqiqa o‘qiladi

Hukumat “ma’rifiy faoliyat”ni tartibga solmoqchi

Senatorlar ma’qullagan qonun bilan ma’rifiy faoliyatni amalga oshirish tartibi va shakllari, ma’rifiy faoliyatni amalga oshirishi taqiqlangan shaxslar hamda noqonuniy ma’rifiy faoliyat uchun javobgarlik belgilanmoqda

Foto: Oliy Majlis Senati

20 sentabr kuni Oliy Majlis Senatining 57-yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga ma’rifiy faoliyatni amalga oshirish tartibini belgilashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun senatorlar tomonidan ko‘rib chiqildi va ma’qullandi.

Senatorlarga ko‘ra, “O‘zbekistonda yoshlar o‘rtasida nosog‘lom ma’naviy-ma’rifiy xatti-harakatlar ko‘payib, uning natijasida aholi vakillari, jumladan, yoshlar va bolalar ongi, madaniyati va qarashlariga begona bo‘lgan turli yot g‘oyalar o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda”.

O‘z navbatida, ushbu holatlar bu boradagi ishlarni huquqiy jihatdan tartibga solish zaruriyati yuzaga kelganini namoyon qilmoqda, deyiladi Senat matbuot xizmati xabarida.

Shu munosabat bilan “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunga ma’rifiy faoliyatni amalga oshirish tartibini belgilashga qaratilgan qo‘shimcha kiritilmoqda. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda mazkur faoliyat turiga qo‘yiladigan talablarni buzganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda.

Xususan, ma’rifiy faoliyatning bunday harakat bilan shug‘ullanish huquqiga ega bo‘lmagan shaxs tomonidan amalga oshirilishi yoxud qonunchilikda belgilangan cheklovlarga rioya etmaganlik uchun fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa – o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo qo‘llanganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilgan bo‘lsa, – fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa – o‘n besh baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Qonun ma’rifiy faoliyatni amalga oshirish tartibi, shakllari, uni amalga oshirish talablari va shartlarini, ma’rifiy faoliyatni amalga oshirishi taqiqlangan shaxslar doirasini belgilaydi.

Mavzuga oid