Jahon | 19:28 / 24.09.2024
1889
3 daqiqa o‘qiladi

Sayyohlar tufayli Yyelloustoun bog‘idagi mashhur buloqning rangi buzildi

AQShdagi Yyelloustoun milliy bog‘ining eng mashhur geotermal buloqlaridan biri ko‘p yillar davomida sayyohlar tomonidan tashlangan tanga va chiqindilar sabab o‘z rangini o‘zgartirdi.

Foto: stock.adobe.com

Ilgari tiniq ko‘k rangda bo‘lgan Morning-Glori-Pul ko‘li loyqalanib, o‘zining yorqin tusini yo‘qotdi. Bu haqda New York Post nashri xabar bermoqda.

Shakli va rangi jihatidan pechakgulga o‘xshagani tufayli ko‘lga shunday nom berilgan. Buloq suvidan hosil bo‘lgan ushbu ko‘l, dastlab, to‘q ko‘k suvi bilan tashrif buyuruvchilarini hayratga solardi.

Ammo sayyohlar tabiatni muhofaza qilish qoidalariga e’tibor bermay, anchadan buyon unga turli narsalarni tashlab kelgan. Milliy bog‘ tarixchisi Alisiya Myorfining ta’kidlashicha, ko‘pchilik geyzerlarning (vaqti-vaqti bilan otilib turadigan issiq buloq) ishlash tizimini tushunmasdan, suvga biror narsa tashlash orqali geyzer otilishini yuzaga keltirish mumkin deb o‘ylagan.

Suv rangining o‘zgarishi undagi haroratning sovishiga ham bog‘liq, bu holat ko‘lning begona narsalar bilan ifloslanishi natijasida yuzaga kelgan. Suvda havzaning rangini o‘zgartiradigan bakteriyalar ko‘paya boshlagan. Nisbatan sovuqroq termal buloqlar aynan bakteriyalarning o‘sishi tufayli boshqa rangga kirishi mumkin.

Bog‘ ma’muriyati suv havzasini tozalashga bir necha bor urindi. Xodimlar havza tubidan yuzlab tangalar, toshlar va boshqa narsalarni chiqarib oldi. Buning uchun o‘t o‘chirish mashinalari yordamida ko‘ldagi suv butunlay so‘rib olingan, odamlar esa maxsus to‘rlar bilan chiqindilarni yiqqan.

Ma’lum qilinishicha, so‘nggi paytlarda tashrif buyuruvchilar bog‘ tabiatiga ko‘proq e’tibor qaratib, suv havzalariga narsa tashlashni kamaytirmoqda.

Yaqinda AQShning Nyu-Meksiko shtatidagi “Karlsbad g‘orlari” milliy bog‘ida sayyohlardan biri Katta g‘orga makkajo‘xorili chips solingan paketni tushirib yuborgandi, oqibatda kichik ekologik falokat yuzaga keldi.

Namlikda yumshagan makkajo‘xori mikrob va zamburug‘larning ko‘payishi uchun qulay muhitga aylangan. Tez orada g‘or chigirtkalari, kanalar, o‘rgimchaklar va pashshalar vaqtinchalik oziq zanjirini shakllantirgan. Butun g‘or bo‘ylab mikroorganizmlar va yangi moddalar tarqaldi, bu esa mog‘or paydo bo‘lishiga olib keldi. Oqibatda, ayrim mahalliy jonzotlar nobud bo‘ldi. Milliy bog‘ xodimlari g‘orni tozalashdi, ammo kelgusida hududga oziq-ovqat olib kirishni taqiqlab qo‘ydi.

Mavzuga oid