Jahon | 10:10 / 01.10.2024
2261
3 daqiqa o‘qiladi

«Helen» to‘foni: AQShda 600 kishi halok bo‘lgan bo‘lishi mumkin

AQSh ichki xavfsizlik vazirligi maslahatchisi Liz Shervud-Rendalning so‘zlariga ko‘ra, hozirda tabiiy ofat zonasida bo‘lgan 600 kishidan hech qanday xabar yo‘q.

Foto: Nicholas Strasburg/UsCoast/ZUMA Press Wire/IMAGO

AQShning janubi-sharqida sodir bo‘lgan «Helen» to‘foni 600 ga yaqin odamning hayotiga zomin bo‘lgan bo‘lishi mumkin, deya taxmin qilmoqda Vashington. 30 sentabr, dushanba kuni AQSh ichki xavfsizlik vazirligi maslahatchisi Liz Shervud-Rendal shunday dedi: «Bizda mavjud bo‘lgan ma’lumotlarga ko‘ra, to‘fon 600 kishining hayotiga zomin bo‘lgan bo‘lishi mumkin». Rasmiyning ta’kidlashicha, qurbonlar soni haqida yakuniy tasdiq hali yo‘q.

Reuters xabariga ko‘ra, tabiiy ofatdan eng ko‘p jabr ko‘rgan Florida, Jorjiya, Shimoliy va Janubiy Karolina shtatlarida, shuningdek, Tennessi va Virjiniyada «Helen» to‘foni tufayli jami yuzdan ortiq odam halok bo‘lgan. Agentlik qayd etishicha, qurbonlar soni ortishi mumkin.

PowerOutage.us monitoring resursiga ko‘ra, 30 sentabrga qadar Florida, Jorjiya, Janubiy va Shimoliy Karolina hamda Virjiniya shtatlarining 2 milliondan ortiq aholisi elektr ta’minotisiz qolgan.

«Helen» AQSh janubi-sharqida «halokatli, tarixiy suv toshqini»ga sabab bo‘ldi

AQSh Milliy to‘fonlar markazi (NHC) ma’lum qilishicha, «Helen» to‘foni Qo‘shma Shtatlar janubi-sharqida «halokatli, tarixiy suv toshqini»ga sabab bo‘ldi. Florida, Jorjiya, Janubiy Karolina, Tennessi va boshqa shtatlar «Helen» tufayli yuzaga kelgan vayronagarchilikdan ayniqsa jabr ko‘rgan. AQSh vitse-prezidenti Kamala Harris shunday ogohlantirish bilan chiqdi: «To‘fon xavfli va halokatli bo‘lib qolmoqda, qurbonlar va suv toshqini xavfi hamon yuqori darajada».

«Helen» to‘foni 26 sentabr kuni Floridaga yopirildi, so‘ng qo‘shni shtatlarga ko‘chdi. Shamol tezligi soatiga 225 kilometrgacha yetdi va to‘fon to‘rtinchi toifaga («o‘ta xavfli») kiritildi.

Mavzuga oid