Iqtisodiyot | 16:20 / 04.10.2024
1167
2 daqiqa o‘qiladi

AUIC O‘zbekistonda Germaniya loyihalarini moliyalashtirishga tayyor

O‘zbekiston Bosh konsulxonasi ko‘magida Azerbaijan Uzbek Investment Company bosh direktori maslahatchisi Zaur Bek va Germaniyaning Compound Building System qurilish kompaniyasi vakillari o‘rtasida uchrashuv tashkil etildi.

Foto: "Dunyo" AA

Azerbaijan Uzbek Investment Company (AUIC) 2023 yilda tashkil etilgan xususiy investitsiya kompaniyasi sanaladi. Uning ustav kapitali 500 million AQSh dollariga teng.

Compound Building System (CBS HOME) kompaniyasi ekologik toza qayta ishlangan va quyma materiallardan foydalangan holda qurilish uchun yuk ko‘taruvchi konstruksiyalarni ishlab chiqarish bo‘yicha innovatsion texnologiyalarni taklif etadi. Kompaniya mahsulotlari 100 dan ortiq mamlakatlarda patentlangan. Korxona, shuningdek, dasturchilar, arxitektorlar, munitsipalitetlar va jismoniy shaxslar uchun xizmatlarni taqdim etadi.

AUIC O‘zbekiston hududida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan nemis istiqbolli loyihalarini moliyalashtirishga tayyorligini bildiradi. Shu munosabat bilan kompaniya vakiliga qator investitsiya loyihalari taqdim etildi.

Uchrashuvda po‘lat va quyma betondan konstruksiyalarni ishlab chiqarish zavodi qurilish loyihasi taqdimot qilindi. Loyihaning taxminiy qiymati 15 million yevroni tashkil qiladi.

Muzokaralar chog‘ida O‘zbekistonda qurilish materiallari ishlab chiqarish, uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish va servis markazlarini barpo etish sohasidagi loyihalar hamda ilg‘or tashabbuslarni amalga oshirishning amaliy jihatlari ham ko‘rib chiqildi.

Tomonlar ishchi aloqalarni davom ettirish va tanlangan loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini ekspertizadan o‘tkazish natijalari bo‘yicha alohida muzokaralar o‘tkazishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar. Shu yilning oktyabr-noyabr oylarida O‘zbekistonga ikki kompaniya delegatsiyalarining birgalikdagi safarini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Mavzuga oid