Jahon | 12:50 / 05.10.2024
5046
3 daqiqa o‘qiladi

Fitso urushdan keyin RF bilan munosabatlarni tiklashni yoqlab chiqdi

Robert Fitsoning aytishicha, Yevropa Ittifoqi va Rossiya Federatsiyasi bir-biriga muhtoj. Slovakiya va Ukraina hukumatlari yig‘ilishida u Ukrainaning tranzit mamlakat sifatidagi rolini muhokama qilishga va’da berdi.

Foto: EPA-ELTAMARTIN DIVISEK / EPA-ELTA NUOTR

Agar Ukrainadagi urush Slovakiyaning amaldagi hukumati mandati davomida, ya’ni 2027 yilgacha yakunlansa, bu YeI mamlakati bosh vaziri Robert Fitso Yevropa Ittifoqi va Rossiya o‘rtasidagi «iqtisodiy va normal» munosabatlarni tiklash uchun hamma narsani qilish niyatida. Fitsoning Slovakiya va Ukraina hukumatlari o‘rtasidagi maslahatlashuvlar arafasida bergan bu bayonoti haqida 3 oktyabr, payshanba kuni Aktuality internet nashri xabar berdi.

«Yevropa Ittifoqiga Rossiya Federatsiyasi kerak, Rossiya Federatsiyasiga, albatta, Yevropa Ittifoqi kerak», dedi Slovakiya bosh vaziri hukmron koalitsiyadagi partiyalar vakillari bilan birgalikda matbuot anjumanida.

Robert Fitso Slovakiya va Ukraina munosabatlari haqida

Robert Fitsoning so‘zlariga ko‘ra, Slovakiya hukumati ham Ukraina bilan do‘stona munosabatlar o‘rnatishdan juda manfaatdor. Ikki davlat hukumatlari o‘rtasidagi 7 oktyabrga belgilangan muzokaralarda u Ukrainaning xomashyo tranzitini ta’minlovchi davlat sifatidagi muhim rolini muhokama qilmoqchi, deya xabar beradi nashr.

Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi davom etayotgani haqida gapirar ekan, bosh vazir har qanday urush muzokaralar bilan tugashini eslatdi. «Va biz Ukraina bilan normal, do‘stona munosabatlardan juda manfaatdormiz, shu bilan birga, bu fojiaga chek qo‘ymoqchimiz, chunki bu - barcha uchun fojia», dedi Robert Fitso. U hozirgi mojaroni harbiy yo‘l bilan hal qilib bo‘lmaydi degan so‘zlar haqiqat, deb hisoblashini ta’kidladi.

YeI demokratiyaga cheklovlar tufayli Slovakiyani mablag‘dan mahrum qilishi mumkin

Yevropa Ittifoqi Slovakiyani demokratik islohotlarni cheklagani uchun jazolashga qaratilgan taklifni ishlab chiqmoqda. Ko‘rib chiqilayotgan chora YeIning Bratislava uchun mo‘ljallangan mablag‘larini bloklashga olib kelishi mumkin, deb xabar berdi Bloomberg 8 sentabr kuni manbalarga tayanib.

Agentlik suhbatdoshlariga ko‘ra, Yevrokomissiya Slovakiyaning populist bosh vaziri Robert Fitso maxsus prokuror lavozimini bekor qilish to‘g‘risidagi qaroriga javoban YeI mablag‘larini bloklash mexanizmini ishga tushirish bo‘yicha loyiha tayyorlagan. 

Manbalarning ta’kidlashicha, Yevropa komissiyasi tomonidan boshlangan jarayon dastlabki bosqichda va hali YeK raisi Ursula fon der Lyayyen tomonidan tasdiqlanishi kerak.

Mavzuga oid