Jahon | 12:30 / 05.10.2024
6084
3 daqiqa o‘qiladi

YeK: Xitoy elektromobillariga bojlarni oshirish yo‘li ochildi

Germaniya Xitoydan elektromobillar uchun bojlar oshishiga qarshi. BMW Bryussel va Pekinni savdo urushidan qochish uchun murosaga kelishga chaqirdi.

Foto: XinHua/dpa/picture alliance

4 oktyabr, juma kuni Yevropa Ittifoqining 27 davlatidan o‘ntasi Xitoydan elektromobillar uchun bojxona to‘lovlarini oshirishni qo‘llab-quvvatlash uchun ovoz berdi, deb xabar beradi Yevrokomissiya (YeK) matbuot xizmati. Yevropa Ittifoqining beshta davlati bu qarorga qarshi chiqdi, 12 davlat esa betaraf qoldi.

Yevropa Ittifoqining ijro etuvchi organi bo‘lgan YeK bayonotiga ko‘ra, olingan ovozlar bojlarni oshirish uchun yetarli, ammo Pekin bilan bu mavzu bo‘yicha muzokaralar davom etadi. Ayni paytda Xitoy tomoni ovoz berish natijalarini keskin tanqid qildi.

Germaniya - bojlarni oshirishga qarshi

Iqtisodiyotida avtomobilsozlik muhim rol o‘ynaydigan Germaniya Xitoyda ishlab chiqarilgan avtomobillarga bojlarning oshirilishiga qarshi ovoz berdi, deb xabar qilmoqda Reuters manbalarga tayanib. Joriy yilning iyul oyida Germaniya avtomobil sanoati birlashmasi (VDA) bojxona tariflarining oshishi «ham yevropalik iste’molchilarga, ham Yevropa biznesiga zarar yetkazishi»ni bildirdi.

Bu pozitsiya nafaqat proteksionizmni tubdan rad etish, balki nemis ishbilarmon doiralarining barcha yirik va o‘rta kompaniyalarning biznes modellarini hisobga olgan holda savdo to‘siqlari va erkin savdoga zarar yetkazishni istamasligi bilan izohlanadi.

BMW bosh direktori Oliver Tsipze 4 oktyabrda Yevropa Ittifoqida o‘tkazilgan ovoz berish natijalarini «Yevropa avtomobilsozlik sanoati uchun muhim signal» deb atadi. Tsipze fikricha, Pekin va Bryussel savdo urushiga yo‘l qo‘ymaslik uchun zudlik bilan murosaga kelishi kerak.

Xitoy elektromobillar uchun bojlar tufayli YeI ustidan JSTga shikoyat qildi

Xitoy XXRda ishlab chiqarilgan elektromobillarni Yevropa Ittifoqiga olib kirishga qo‘shimcha bojlar joriy etish to‘g‘risidagi Yevrokomissiya qarori ustidan Jahon savdo tashkilotiga (JST) rasman shikoyat qildi, deb xabar qildi Xitoy savdo vazirligi 9 avgust kuni Pekinda. Bryusselning qarori JST qoidalariga zid keladi va «iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda global hamkorlikka» putur yetkazadi, deya ta’kidlanadi Xitoy savdo vazirligi bayonotida.

Idora Yevropa Komissiyasini «zudlik bilan o‘zining noto‘g‘ri amaliyotini tuzatishga» hamda «Xitoy va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi iqtisodiy va savdo-siyosiy hamkorlik barqarorligini, shuningdek, elektromobillar uchun sanoat va logistika zanjirlarini birgalikda saqlashga» chaqirdi.

Mavzuga oid