Jahon | 12:01
19600
6 daqiqa o‘qiladi

«Minimal jazo». Eron oliy rahbari Isroil bo‘ylab raketa zarbasini izohladi

Oyatulloh Ali Xominaiy so‘nggi 4 yil ichida birinchi marta omma oldida nutq so‘zlab, Isroilga yaqinda qilingan hujumni olqishladi. U Yaqin Sharq mamlakatlarini Isroilga qarshi isyon ko‘tarishga chaqirgan.

Foto: Getty Images

Eron oliy rahnamosi, oyatulloh Ali Xominaiy juma kuni Tehrondagi imom Humayniy nomidagi masjidda o‘n minglab kishilar qarshisida nutq so‘zlab, Eronning Isroil bo‘ylab so‘nggi raketa zarbasini «aniq, mantiqiy va qonuniy» deb atagan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, agar kerak bo‘lsa, mamlakat bunday harakatlarni takrorlashga tayyor, deb yozdi AP.

85 yoshli Xomanaiy Eronning Isroilga raketa hujumini Qurolli kuchlarning «ajoyib ishi» deb atadi.

Xominaiy kamdan kam hollarda bunday chiqish qiladi — va amalda jamoatchilik oldida ko‘rinish bermaydi. U so‘nggi bor 2020 yilda, Bag‘dod aeroporti yaqinida eronlik general Qosim Sulaymoniy amerikaliklar aviazarbasi oqibatida halok bo‘lganida juma namozida imomlik qilib, nutq so‘zlagandi. Eron o‘shanda bunga Amerikaning Iroqdagi harbiy bazalariga raketa zarbalari bilan javob qaytargandi.

Xominaiyning oldingi shu kabi chiqishi esa 2012 yilda kuzatilgandi.

Eron oliy rahnamosi bu safargi nutqida Isroil bo‘ylab raketa hujumini ushbu mamlakatning «dahshatli jinoyatlari» uchun «minimal jazo» deb atagan. U shuningdek Isroilni «vampir» rejim atagan, AQShga esa «aqldan ozgan it» yorlig‘ini yopishtirgan.

U Isroil hududlari bo‘ylab zarbalar «xalqaro huquq, mamlakat qonunlari va islomiy e’tiqodlarga asoslangani»ni aytdi va «Afg‘onistondan Yamangacha, Erondan G‘azogacha» bo‘lgan davlatlarni dushmanga qarshi chora ko‘rishga tayyor bo‘lishga chaqirdi.

1 oktyabr kuni Eron harbiylari Isroil bo‘ylab yopirilma hujum amalga oshirib, 200 ga yaqin ballistik raketa uchirgani. Isroil armiyasiga ko‘ra, amalda ularning barchasi urib tushirilgan, bir necha isroillik yengil tan jarohati olgan. Raketa parchalari qulashi oqibatida Iordan daryosining G‘arbiy sohilidagi okkupatsiya qilingan hududda bir falastinlik halok bo‘lgan.

Eron armiyasi Isroil bo‘ylab zarbani Livandagi eronliklar tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan shialarning «Hizbulloh» guruhi yetakchisi Hasan Nasrulloh o‘limiga javoban amalga oshirdi. U bir necha kun oldin isroilliklar «Hizbulloh»ning Bayrut janubidagi markaziy shtabiga yo‘llagan aviazarba qurboni bo‘lgandi.

Eron oliy rahnamosi fors tilida so‘zlashadi va chiqishlarida shu tildan foydalanadi. Ammo juma kungi nutqining bir qismida u Livan va Falastin hududlaridagi tarafdorlarga murojaat qilish uchun arab tilida gapirgan.

Xominaiy va’z davomida Nasrulloh haqida maqtovli so‘zlar aytgan va «butun mintaqa va butun islom dunyosiga xizmat qilayotgan» «Hizbulloh» hamda Hamas guruhlarini qo‘llashini bildirgan.

U Eron bilan aloqador bo‘lgan guruhlar Isroil bilan qarama-qarshilikning o‘tgan yil 7 oktyabrida Hamasning hujumidan keyin boshlangan yangi bosqichida «ortga chekinmasligi»ni ma’lum qilgan.

Eron nafaqat «Hizbulloh»ni, balki Hamas, shuningdek Yaqin Sharqda Isroilga qarshi kurashadigan va o‘zini «Qarshilik o‘qi» deb hisoblaydigan boshqa guruhlarni ham qo‘llaydi.

Xominaiy Isroilning hujumlari natijasida ushbu guruhlarning ko‘plab yetakchilari, shuningdek Eron islom inqilobi muhofizlari korpusi rahbariyati vakillari halok bo‘lishi ortidan juma namozida imomlik qilib, nutq so‘zladi.

Tahlil: Xominaiy kuch, xotirjamlik va birdamlikni namoyon etishga harakat qilmoqda

Oliy rahnamoning Tehronda o‘n minglab kishilarga murojaat qilish qarori Eron rejimi hozirda tushib qolgan vaziyat og‘irligidan darak berishi mumkin. Isroil unng proksi-guruhlari va harbiylariga jiddiy zarba berdi, Eron aholisining hukumatdan noroziligi esa ortib bormoqda.

BBC sharhlovchisi qayd etishicha, Xominaiyning nutqii oldingi, 2020 yilda Sulaymoniy o‘ldirilganidan keyin so‘zlangan nutqqa o‘xshab ketgan.

Hozirda Eron oliy rahbari tashqi dunyoga o‘z kuchi, ichki auditoriyaga — xotirjamlikni namoyish etishga urinmoqda.

Tehron markazida ko‘p sonli kishilar qarshisida nutq qilish Xominaiy Hamas va «Hizbulloh» yetakchilari Ismoil Haniya hamda Hasan Nasrulloh o‘ldirilganidan keyin jamoatchilikka ko‘rinish berishga qo‘rqayotgani haqidagi gaplarni rad etishga ham qaratilgan.

Bu va’z Eronning yaqinda saylangan prezidenti Ma’sud Pizishkiyon hamda boshqa yuqori martabali shaxslar bilan hamjihatlikni namoyish etishga urinish ham bo‘lishi mumkin. Ko‘pchilik tomonidan mo‘’tadil siyosatchi sifatida qaraladigan Pizishkiyon yaqinda Eron qaysidir pallada G‘arb bilan qarama-qarshilikni to‘xtatishi mumkinligini aytganida tanqidlar ostida qolgandi.

Xominaiy Isroilning so‘nggi harakatlari Eron «Qarshilik o‘qi»ni qo‘llab-quvvatlashni qandaydir darajada susaytirishi mumkinligi haqidagi gaplarni ham rad etgan.

U shuningdek, yana bir bor Hamasning 2023 yil 7 oktyabrida Isroilga qilgan hujumini qo‘llab-quvvatlagan — mintaqada aholisining aksari musulmonlar bo‘lgan boshqa mamlakatlarning ko‘pchiligining rahbari esa bunday qilmagandi.

Mavzuga oid