Jahon | 12:05 / 11.10.2024
9508
6 daqiqa o‘qiladi

«Milton» to‘foni: 16 qurbon, Floridani suv bosdi, 3 mln uy elektrsiz qoldi

Qutqaruvchilar suv bosgan va vayron bo‘lgan yangidan yangi joylarni tekshirishni boshlagani sayin qurbonlar soni ortib bormoqda. Sug‘urtalangan mulkka yetkazilgan zarar miqdori 30-50 milliard dollarni tashkil etishi mumkin.

Foto: Getty Images

Payshanbaga o‘tar kechasi Amerikaning Florida shtati g‘arbiy sohillariga yopirilgan «Milton» to‘foni o‘zi bilan 70 metr/soniya tezlikdagi shamol va suv toshqinlari keltirib chiqaradigan kuchli yomg‘irlar bilan birga tornado ham olib keldi. Qutqaruvchilar suv bosgan va vayron bo‘lgan yangidan yangi joylarni tekshirishni boshlagani sayin qurbonlar soni ortib bormoqda.

Payshanba kuni kechqurun CBS telekompaniyasi Florida huquq-tartibot departamentiga tayanib qurbonlar soni 16 nafarga yetganini xabar qildi.

Bungacha bo‘lgan bir necha soat davomida turli manbalar qurbonlar soni to‘g‘risida bir-biridan farqli ma’lumotlar berayotgandi: 10 dan 12 nafargacha.

Besh kishi Sent-Lyusiya okrugidagi kempingda halok bo‘lgan. Sent-Pitersberg shahri rasmiylari ikki kishi o‘limi haqida xabar bergan. Yana bir kishi jasadini qutqaruvchilar qo‘shni okrugda vayron bo‘lgan uy xarobalari ostidan topishgan.

AQSh ichki xavfsizlik vaziri Alexandro Mayorkasning ma’lum qilishicha, Florida shtatida yashovchilarning ayrimlari keng tarqalgan feyklar, xususan, jabrlanganlar yer uchastkalaridan mahrum qilinayotgani haqidagi ma’lumotlar tufayli qutqaruvchilarning yordamini qabul qilishga shoshilmayapti. «Biz odamlar qo‘rquv tufayli yordam olishda ikkilanayotganini kuzatdik», deb shikoyat qildi vazir.

Florida gubernatori Ron Desantis kunning ikkinchi yarmida o‘tkazilgan matbuot anjumani chog‘ida qurbonlar soni haqidagi ma’lumotlar to‘xtovsiz yangilab borilayotgani va shtatda halok bo‘lganlarning jami soni haqidagi umumiy ro‘yxat hali tuzilmaganini ma’lum qilgandi.

Gubernatorning so‘zlariga ko‘ra, 10 oktyabr oqshomiga qadar tabiiy ofat hududidan 340 kishi va 49 uy jonivorlari qutqarib olindi.

THE PALM BEACH POST/Reuters

Hozircha yetkazilgan zarar miqdori bo‘yicha ham aniq baho yo‘q, lekin shunisi aniqki, bu raqamlar kichik bo‘lmaydi.

To‘fon yo‘lida bo‘lgan turar joylar, cherkov binolari, savdo va ofis binolariga jiddiy zarar yetkazilgan.

Sent-Pitersbergda kuchli shamol tufali Yuqori beysbol ligasi stadioni tomi buzilib ketgan, mahalliy gazeta tahririyati joylashgan binoga, qurilish krani qulab tushgan.

Floridaning tabiiy ofat arafasida o‘z uylarini vaqtincha tark etgan aholisiga qaytishga shoshilmaslik tavsiya qilingan.

Floridaning asosiy shaharlaridan biri Orlandodan shimolroqda joylashgan Oranj-siti shaharchasida suv toshqinlari tufayli yo‘llarda o‘pirilishlar hosil bo‘lgan.

Shahar o‘t o‘chirish xizmati feysbukdagi sahifasida vayrongarchiliklar ko‘lami aks etgan fotosuratlarni namoyish etgan.

Postda ilova qilingan matnda aniqlik kiritilishicha, shahar chekkasidagi ko‘plab yo‘llar «yoki to‘liq yuvilib ketgan, yoki suv ostida qolgan».

The Orange City Fire Department

Departament vakilining so‘zlariga ko‘ra, hozirda brigadalar yetkazilgan zararni baholashmoqda, ammo hozircha haydovchilardan shahar yo‘llaridan uzoqroq yurish so‘ralmoqda.

Orlandoning bir qismini ham suv bosgan.

Elektr uzatish liniyalaridagi behisob uzilishlar tufayli Florida bo‘ylab jami 3 mln bino hamon toksiz qolmoqda, ayrim aholi yashash manzillarida esa — ichimlik suv ham yo‘q.

EPA-EFE/REX/Shutterstock

Floridaning g‘arbiy sohilida, 250 ming kishi yashovchi Sent-Pitersbergda suv ta’minoti hali tiklanmagan.

EPA-EFE/REX/Shutterstock

«Milton» to‘fonidan ko‘rilgan zarar

Fitch Ratings agentligiga ko‘ra, Florida aholisining sug‘urtalangan mol-mulkiga «Milton» to‘foni oqibatida yetkazilgan zarar 30 milliard dollardan 50 milliard dollargacha bo‘lgan. Mutaxassislarning fikricha, bu 2022 yilda taxminan xuddi shu yo‘nalish bo‘ylab o‘tgan «Ien» to‘foni keltirgan taxminiy zarardan (60 milliard dollar) keyingi eng katta zarardir.

THE PALM BEACH POST/Reuters

CNN ta’kidlashicha, Fitch Ratings bahosi sug‘urtalanmagan mulkka yetkazilgan zararni hisobga olmaydi, u ham juda katta bo‘lishi mumkin.

Nashrning ta’kidlashicha, sentabr oyida Florida shtatida sodir bo‘lgan «Helen» to‘fonidan sug‘urtalanmagan mulkka yetkazilgan zarar sug‘urtalangan mulkka yetkazilganidan ko‘proq bo‘lgan. Bunga Floridaning o‘sha paytdagi eng ko‘p jabrlangan hududlari aholisi orasida sug‘urta yo‘qligi sabab bo‘lgan.

Oxirgi 48 soat ichida o‘n millionlab gallon benzin va dizel yonilg‘isi bo‘lgan kamida yettita yirik tanker Janubiy Florida tomon yo‘l olgani xabar qilingan. Bu «Milton» to‘foni sabab bo‘lgan talabning eng yuqori cho‘qqisida tugagan yonilg‘i quyish shoxobchalarida yonilg‘i zaxiralarini tiklashga yordam beradi.

Mavzuga oid