O‘zbekiston | 10:01 / 13.10.2024
6209
7 daqiqa o‘qiladi

“Bir kunda 1000 tupga yaqin daraxtni sug‘oraman” – ekofaol Nigora Nosirova

Asl kasbi huquqshunos bo‘lgan Nigora opa Toshkent shahrida ekologiya va tabiatni asrashga mas’ullarning o‘z vazifasini risoladagidek bajarmayotganidan norozi. “Mas’ullarga archa va nihollar qurib qolayotgani bo‘yicha murojaat qilsam, bunday vaziyatda o‘sha hududdagi obodonlashtirish idorasi vakillariga jarima solinishini aytishdi. Jarima solinar ekan deb daraxtlar qovjirashiga bemalol qarab turish kerak emas-ku!” – deydi u. Kun.uz muxbiri bilan suhbatda u suvni tejash, daraxtlar qurib qolishining oldini olish borasida qilayotgan ishlari haqida so‘zlab berdi.

Yaxshidan bog‘ qolar...

Nafaqada bo‘lishimga qaramasdan tadbirkorlik faoliyati bilan ham shug‘ullanaman. Ikkita mehmonxonam bor, shu yerdagi boshqaruvchilik ishlarimdan ortgan vaqtda shaharni yashillashtirish ishlariga o‘z hissamni qo‘shishga harakat qilaman. Yashash joyimizga yaqin hududlar, ya’ni O‘rikzor va Algoritm mahallalariga ekilgan, qarovsiz holda qolgan ko‘chatlar, daraxtlarni kun ora ishchilarim bilan sug‘orib chiqamiz.

Hovlimizning orqasidan kanal oqib o‘tgan. Shu yerdan ikki tonnalik idishga suv to‘ldirib, daraxtlarga olib borib quyamiz. Buning uchun ikkita “Labo” mashinasi sotib olganman, uch nafar ishchi yollaganman. Ishchilar navbat almashib, daraxtlarni 24 soat davomida sug‘orish bilan shug‘ullanishadi. Kuniga 15 ta reys amalga oshiriladi. Shu orqali sutkasiga 30 tonna ichimlik suvini tejab, o‘rtacha 800-1000 tup daraxtni ariq suvi bilan sug‘oramiz.

Qor asfaltga emas, tuproqqa kerak

Sug‘orish ishlarini may oyidan boshlab, yomg‘ir mavsumi oktyabr oyiga qadar davom ettiramiz. Bu ishni 2021 yildan beri qilib kelamiz. Qishda xodimlarim bilan birgalikda ko‘chalardagi qorlarni asfaltli yerlardan tuproqli hududlarga kurab chiqamiz. E’tibor bergan bo‘lsangiz, obodonlashtirish xizmati vakillari qorni yo‘llarning bir chekkasiga to‘plab, uyub qo‘yishadi. O‘sha uyumlar asfalt ustiga emas, daraxtlar ekilgan tuproqli hududlarga tashlansa, yer kelasi yil uchun yanada unumdor bo‘ladi.

Bu tashabbusni kengroq yo‘lga qo‘yish uchun tegishli tashkilot vakillariga murojaat qildim. Ular qorga tuz sepilgani uchun ularni tuproqli joyga kurab bo‘lmaydi, deya javob qaytarishdi. Shundan so‘ng yashash hududimdagi qor uyumlarida tuz bor-yo‘qligini tekshirib ko‘rdim va tarkibida tuz mavjud emasligi aniqlandi. To‘g‘ri, magistrallardagi qorni eritish uchun tuz sepilishi mumkin, ammo hamma ko‘chalar, mahallarda bunday qilinmaydi. Mas’ul idoralardan javob bo‘lmagach, bu ishni xodimlarim bilan amalga oshiradigan bo‘ldim.

Toza suvga mashina yuvilmaydi

O‘tgan yili 26 kun davomida Shveytsariyada yashadim. U yerda ichimlik suvi, daryo suvlari serob. Yomg‘ir ko‘p yog‘adi, ammo mashina yuvishga ichimlik suvi sarflanmaydi. Yomg‘ir, qor suvlari to‘planib, qayta ishlanadi va maishiy ehtiyojlar uchun yo‘naltiriladi. Turkiyaga borganimda ko‘rdimki, manzarali joylardagi o‘simlik va ko‘chatlar maxsus suv purkagichlar orqali belgilangan muddat davomidagina sug‘oriladi. Suv purkagichlarga vaqtni va suv sarfini o‘lchaydigan datchiklar o‘rnatilgan, sug‘orish uchun belgilangan me’yordan oshganda suv avtomatik ravishda o‘chiriladi. Bizda esa gazonlarni suv bosib, qanchasi isrof bo‘ladi.

Suratlardan ko‘rishingiz mumkinki, sug‘orilayotgan yerlarning bir tarafida suv toshib, bir tarafiga esa suv yetmay qaqshab yotibdi. Shaharlarimizda bunaqa holatlarni ko‘p uchratish mumkin. Ayni shunday vaziyatlarning oldini olish uchun mas’ullarga murojaat qilsam, ba’zi bir “fontanchik”larning buzilib qolganini vaj qilishdi. Ishdan chiqqan bo‘lsa, eskisini yangisiga almashtirib qo‘yish qiyin ish emas-ku!

Daraxtning qurishini poylab turishadi

Ko‘chalardagi holatlarni ko‘p kuzataman. Qimmatbaho daraxtlar ekilganiga ko‘p bo‘lmasdan qurib qoladi. Bir safar shu vaziyat yuzasidan Ekologiya vazirligiga bordim. Ular esa ko‘chatlarning mahalliy iqlimga mos kelmagani sabab qurib qolganini aytishdi. Bir narsaga tushunmayman, mamlakatimizda ilm sohasiga qancha e’tibor qaratilyapti, qishloq xo‘jaligida qanchadan qancha mutaxassislar, olimlar bor? Nega allambalo pulga chet eldan noyob daraxtlarni sotib olib kelishdan avval ularning O‘zbekiston iqlimiga mos kelish-kelmasligini tekshirib, tajriba qilib ko‘rishmaydi?

Daraxtlarni ekib ketib, qarovsiz qoldirishadi. Bir safar qurib qolgan nihollarni rasmga olib, mas’ullarga ko‘rsatdim va obodonlashtirish xizmati faoliyatini jiddiyroq nazorat qilishlarini so‘radim. Mas’ullar bu borada ko‘nglim to‘q bo‘lishini, daraxtlar qurib qolsa, o‘sha hududdagi obodonlashtirish idorasi vakillariga jarima solinishini aytishdi. Jarima solinar ekan deb, daraxtlar qurishini bemalol poylab turish kerak emas-ku!

Kir mashina suvini sanuzelga ishlatamiz

Farzandlarim va nabiralarimga o‘rnak bo‘lishi uchun xonadonimizda suv tejamkorligi bo‘yicha bir qancha usullarni qo‘llaymiz. Masalan, kir mashinadan chiqayotgan suvni kanalizatsiyaga oqizib yubormasdan tog‘oraga bo‘shatib, undan sanuzelni tozalash uchun kun davomida foydalanamiz. Bu orqali kuniga taxminan 600 litr ichimlik suvini tejaymiz. Shuningdek, oshxonada idishlarni tovoqchaga suv solib yuvib-chayamiz, jarayonda 1-1,5 litr suv ishlatiladi. Rakovinada suvni to‘ldirib yoki jo‘mrakni ochib qo‘yib, idishlarni yuvganda taxminan 7-9 litr suv isrof bo‘ladi.

Fikrimcha, har bir oilada shu kabi suv tejash usullarini qo‘llash yo‘lga qo‘yilishi kerak, tarbiya oiladan boshlanadi deyilganidek, farzandlarimizga o‘zimiz namuna bo‘lsak, tejamkorlik ularga ongli ravishda singib boradi.

Diyoraxon Nabijonova suhbatlashdi.
Operator: Ziyaddin Mamatjonov
Montaj ustasi: Nizomjon Toshpo‘latov. 

Mavzuga oid