Jahon | 09:20 / 14.10.2024
1813
4 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy ukrain qurollarini ishlab chiqarishni kengaytirish niyatida

Ukraina prezidenti qurol taqchilligi bilan bog‘liq muammolar yechimini mamlakatga G‘arb texnologiyalarini joriy etishda ko‘rmoqda. Xususan, uning so‘zlariga ko‘ra, gap Ukraina hududida ukrain-fransuz ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish haqida ketmoqda.

Foto: Ukraina prezidenti ofisi

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiyaga qarshi mudofaa urushi olib borayotgan mamlakatda qurol ishlab chiqarishni sezilarli darajada kengaytirish uchun G‘arb sarmoyasidan foydalanishni nazarda tutmoqda. «Sanoat quvvatimiz bizga mamlakatimiz moliyaviy imkoniyatlaridan ko‘ra ko‘proq dron, snaryad va harbiy texnika ishlab chiqarishga tayyor, — dedi u 12 oktyabr, shanba kuni kechqurun videomurojaatida. — Ammo shu bilan birga, ular obektiv sabablarga ko‘ra qurol ta’minotida yordam bera olmaydi — o‘z qurollari yo‘q, lekin bizga moliyalashtirishda yordam berishlari mumkin».

Zelenskiy ayni paytda Ukrainaning mudofaa harakatlariga yordam berish uchun ishlatilishi mumkin bo‘lgan «ayrim hamkorlarda» mavjud «maxsus texnologiyalar» haqida ham aytib o‘tdi. Aynan shunday investitsiyalar evaziga Ukraina allaqachon, birinchi navbatda, o‘zining uchuvchisiz uchoqlari ishlab chiqarishini sezilarli darajada oshirishga muvaffaq bo‘ldi, dedi prezident.

«Hozir Fransiyada hamkorlikning yangi modelini – davlatimiz hududida Ukraina-Fransiya qo‘shma ishlab chiqarish quvvatlarini yaratishni muhokama qildik, bu mudofaa vazirliklari darajasida ishlab chiqilmoqda», — deya davom etdi Zelenskiy. U «Daniya modeli» amalga oshirilganini eslatib, bunda hamkor davlat hukumati qurol ishlab chiqarishga investitsiyalarni jalb qilishini bildirdi. Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainada yangi qurol ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish va tashkil etish bo‘yicha hamkorlikning o‘xshash fransuz modeli hozirda mamlakatlar mudofaa vazirliklari tomonidan muhokama qilinmoqda.

Zelenskiy Rossiya bilan muzokara bo‘yicha o‘z pozitsiyasini yumshatishga tayyor

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiya bilan muzokaralar shartlarini muhokama qilishga va urushni tugatishga tayyor, deb xabar berdi Bloomberg 8 oktyabr kuni Ukraina prezidenti va G‘arb davlatlari rahbarlari o‘rtasidagi muzokaralar borishi bilan tanish bo‘lgan rasmiylarga tayanib.

Omma oldida Zelenskiy hali ham Rossiya qo‘shinlarini Ukrainadan to‘liq olib chiqib ketishni talab qilmoqda va bosib olingan hududlar bo‘yicha muzokaralarni rad etyapti, biroq Ukraina rasmiylari urushni to‘xtatish va «ko‘proq moslashuvchan» pozitsiyani egallash zarurligini qabul qilishga tayyor ekanliklarini ochiq aytishdi. Bu haqda agentlikka NATOga yaqin suhbatdoshlari ma’lum qildi.

Zelenskiyning sentabr oyida taklif qilgan «g‘alaba rejasi» Vashingtonda sovuq kutib olindi, dedi ulardan biri va G‘arb ittifoqchilari Kiyevga yanada aniqroq ssenariyni taqdim etishi uchun bosimni oshirdi. Frontdagi vaziyat, moliyalashtirish bilan bog‘liq qiyinchiliklar va AQShda bo‘lajak prezidentlik saylovlari Ukraina ittifoqchilarini «mojaroni muzokaralar yo‘li bilan tugatish imkoniyatini diqqat bilan ko‘rib chiqishga» undamoqda, deb ta’kidlaydi Bloomberg.

Mavzuga oid