Jahon | 12:10 / 16.10.2024
15803
6 daqiqa o‘qiladi

Turkiya Markaziy Osiyoni “Turkiston” deb atamoqda: tashqi dunyoning munosabati qanday?

Turkiyaning maktab darsliklarida Markaziy Osiyoni “Turkiston” deb nomlash joriy qilindi. Bu qaror shu yilning boshlarida qabul qilingan edi. Qarorning ijrosi yangi o‘quv yili boshidan, ya’ni sentabr oyidan boshlandi. Bu o‘zgarishning aks-sadosi nafaqat mintaqamizda, balki tashqi dunyoda ham sezilmoqda.

Turkiya hech qanday inqilobiy o‘zgarish qilgani yo‘q. Tarixdagi faktni, bo‘lib o‘tgan voqelikni e’tirof qilyapti, yaqin o‘tmishda mavjud bo‘lgan Turkistonni “Turkiston” deb atayapti xolos. Aslida, hozirgi Markaziy Osiyo juda uzoq vaqt Turkiston deb atalgan. Hatto Chor Rossiyasi bizga bostirib kelganidan keyin ham, mintaqamiz “Turkiston” deya atalishda davom etgan. Faqatgina 1917 yilda hokimiyatga sovetlar kelgach, Turkiston atamasidan voz kechildi.

“Turkiston” nomi onsonlikcha yo‘q bo‘lgani yo‘q. Buning uchun sobiq SSSR jiddiy kurashdi. Imperiyalar har doim o‘zlari bosib olgan yerlarni nazorat qilish uchun, o‘sha yerlarni bo‘lib tashlashadi, va bo‘lingan hududlarga har xil nomlar va o‘zliklar yaratishadi. Turkiston bo‘lib tashlangach, bo‘lingan har bir hududga davlat maqomi va nomi beriladi va ushbu davlat doirasida milliy o‘zliklar yaratiladi. Natijada, beshta respublika va besh milliy o‘zlik shakllantirildi. Sovetlardan oldin ham bu milliy o‘zliklar bo‘lgan, lekin bu o‘zliklar mutlaqlashtirilmagan, boshqalarga qarama-qarshi qo‘yilmagan.

Bir vaqtlar Turkistonda barcha xalqlar va millatlar hech qanday millatchiliksiz, ahil yashashgan. Tarixdan ma’lumki, etnik tojiklar ham “Turkiston” atamasiga e’tiroz bildirishmagan. Chunki Turkistonda tojik tili va madaniyatining o‘rni ancha katta bo‘lgan: o‘zbeklar yoki qozoq hamda qirg‘izlar ham tojik tilini yaxshi tushungan, namozlarda tojik tilida niyat qilishgan, madrasalarda tojik tili keng o‘rgatilgan.

Turkiya o‘quv darsliklarida Markaziy Osiyoni “Turkiston” deb nomlashi nafaqat mintaqamizda, balki tashqi dunyoda ham ko‘plab siyosiy va geosiyosiy chayqovchiliklarga sabab bo‘lmoqda. Rossiya rasmiylari hozircha hech nima demadi, lekin Rossiyadagi propagandachilar o‘zlarining salbiy munosabatini yashirmayapti. Ularning munosabatlari ijtimoiy tarmoqlarda, maqolalar va video chiqishlaridan ma’lum. Rossiyadagi keng tarqalgan fikrga ko‘ra, “Turkiston” loyihasi – bu G‘arbning loyihasi emish. Ya’ni Turkiya, NATOning a’zosi sifatida, Markaziy Osiyoni Rossiya ta’siridan chiqarish niyatida ekan.

Xitoy Xalq Respublikasi, odatda, juda ehtiyotkor. Rasmiy Pekin bunday xolatlarda rasmiy munosabatini bildirmaydi, ichki kayfiyatini yashiradi. Lekin, agar Uyg‘uriston o‘zini “Sharqiy Turkiston” deb nomlashi e’tiborga olinsa, Markaziy Osiyo o‘zining tarixi va kelajagini “Turkiston” degan nom bilan bog‘lashi – Pekinga yoqmasligi aniq. Ayni paytda, Pekin har narsaga tezda asabiylashaveradigan davlat emas.

Eron Islom Respblikasi uchun ham “Turkiston” nomi, loyihasi u qadar qulay bo‘lmasligi mumkin. Eron o‘zining ichidagi ko‘p sonli ozarbayjon aholisi tufayli, bu loyihaga ishonchsizlik bildirishga moyil bo‘ladi.

Aslida, “Turkiston” loyihasi tashqi dunyo uchun tahdidmi? Agar tahdid bo‘lsa, kim uchun, qanday tahdid?

Globallashgan dunyoda hamma hamkorlikka, birlashishga, integratsiyaga intiladi. Eng kuchli va mustahkam integratsiyalar zamirida o‘zliklar turadi. O‘zliklar – eng kuchli birliklar va ziddiyatlarning o‘zagi hisoblanadi. Misol uchun, Yaqin Sharqdagi Falastin-Isroil ziddiyati asosida tsivilizatsion bo‘linish, demakki, o‘zliklar ziddiyati turadi. Yoki, anglasaksonlar ittifoqi asosida protestant-ingliz madaniyati fundament hisoblanadi.

Turkiyaning o‘ziga kelsak, Turkiya NATOning a’zosi bo‘lishiga qaramasdan, bugun Rossiya Federatsiyasi bilan yaqin hamkor, Vashington irodasini so‘ssiz ijro qilaveradigan G‘arb tarafdori emas, BRIKSga intilmoqda, AQSh va G‘arbni, ayniqsa ularning ittifoqchisi Isroilni ko‘p tanqid qiladi. Shuning uchun, Turkiyaning niyati – Rossiya va Xitoy Xalq Respulikasi yoki Eron bilan ziddiyatga zamin yaratish emas. Turkiya uchun o‘zining ishonchli hamkorlari, til va dil birligi asosidagi ittifoqchilari bo‘lishi muhim. Turkiya bugun ko‘pqutbli dunyoning faollaridan biri, ya’ni Rossiya va XXRning global qudrati kuchayishi tarafdori.

Markaziy Osiyo uchun ham, RF va XXR – bu birinchi va ikkinchi savdo-iqtisodiy hamkorlar. Mintaqaning hech bir davlati Moskva va Pekin bilan konflikt izlash niyatida emas. Eron bilan ham hamma yaxshi munosabatlar tarafdori.

Demak, Turkiston – bu qarshilik ko‘rsatish birlashuvi emas, bu o‘zaro hamkorlik va o‘zliklarni saqlash loyihasidir. Markaziy Osiyo boshqalarga tajovuz qilish niyatida yoki salohiyatida emas, aksincha, boshqalarning tajovuziga qarshi, birlashib jon saqlash, mustaqillikni saqlab qolish va iqtisodiy rivojlanish niyatida.

Turkiston loyihasi, aslida, hamma uchun qulay hisoblanadi. Mintaqaning barcha davlatlari pragmatik davlatlardir. Va mintaqa davlatlari o‘rtasidagi ziddiyatlar kamayib, hamkorlik va integratsiyaning oshib borishi – Rossiya va Xitoy uchun ham, Eron, Afg‘oniston, Pokiston uchun ham, faqat foydali bo‘ladi. Globallashgan dunyoda hamkorlik va o‘zaro bog‘liqliklar – ichki ziddiyat va zo‘riqishlarni eng tez va samarali hal qiluvchi vosita hisoblanadi.

Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos

Mavzuga oid